KORRUPSIYA – KELAJAK TARAQQIYOTIMIZ KUSHANDASI
9-DEKABR – XALQARO KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH KUNI
Korrupsiya masalasi dunyo miqyosida hal etilishi lozim boʻlgan eng asosiy global muammolardan biridir. Bu muammo har qanday davlat va jamiyatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadigan, inson huquq va erkinliklarining poymol boʻlishiga olib keladigan salbiy illatdir. Shuning uchun ham bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash masalasi xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy oldi.
Korrupsiyaning eng keng tarqalgan turlariga davlat mulkini talon-taroj qilishlik, poraxoʻrlik, firibgarlik, tovlamachilik kabi bir qator jinoyatlar kiradi. Bunday jinoyatlar iqtisodiyotni zaiflashtirib, siyosiy boshqaruvni izdan chiqarishi va fuqarolarning davlat tizimi va siyosiy tizimlarga nisbatan ishonchsizligini hamda noroziligini keltirib chiqaruvchi omillar deyishimiz mumkin.
Korrupsiya — bu jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga toʻsqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Nazariyotchi olimlar, siyosatchilar va amaliyotchilar oʻrtasida korrupsiya tushunchasi toʻgʻrisida turli-tuman fikr va mulohazalar mavjud boʻlib, koʻpchilik uni kengroq ma’noda ifodalashga harakat qiladi.
Ba’zi olimlar pora evaziga sotilishning oʻzini korrupsiya desa, ba’zilar korrupsiya bu keng koʻrinishdagi jinoiy uyushma, deb ta’riflaydi.
Dunyoda korrupsiyaning turi ham, tavsifi ham juda koʻp. Uning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, unga qarshi kurashishning samarali yoʻllarini topish boʻyicha olimlar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar oʻtkazilmoqda. Bu borada turli koʻrsatkich va raqamlar aks etgan jadvallar ham yaratilgan, oʻziga xos reytinglar tuzilgan. Hatto korrupsiyaning ildizi va yechimini topishga qaratilgan har xil formulalar ham ishlab chiqilganki, bu boradagi ishlar va izlanishlar bugungi kunda ham izchil davom ettirilmoqda.
Adabiyotlarda korrupsiyaga shaklan har xil, mazmunan bir-biriga yaqin boʻlgan ta’riflar beriladi. Korrupsiya muammosining tadqiqi bilan shugʻullangan amerikalik olimlar E.Benfild, M.Jonston, J.Naylarning fikricha: «Korrupsiya – bu siyosiy arboblarning, davlat apparati xodimlarining va boshqa shaxslarning shaxsiy, oilaviy yoki guruhiy manfaatlari uchun boylik orttirish va oʻzining ijtimoiy maqomini koʻtarish maqsadida oʻzlarining rasmiy burchlarini va davlat funksiyalarini bajarishdan bosh tortishidir», deb fikr bildirishsa, Rossiyalik olim P.A.Cherkasov esa, «Korrupsiya – bu jamiyat va davlatda roʻy beradigan salbiy hodisalar majmuyidir», deb fikr bildiradi.
Bir soʻz bilan aytganda, korrupsiya soʻzi «sotish», «sotilish», degan ma’nolarni ham anglatar ekan. Rahbar yoki mas’ul kishi qanday qilib korrupsiyaga qoʻl uradi? Bunga qanday omillar sabab boʻladi? Bu savollarga javob har xil boʻlishi mumkin. Lekin shunisi aniqki, sotadigan xam, sotiladigan xam, nafaqat bugunning, balki ertangi nurli kelajagimizning ham xiyonatkoridir!
Nazariy talqin etganda korrupsiya – davlat funksiyasini bajarish topshirilgan xizmatchilarning oʻz xizmat mavqyei va egallab turgan mansabi hamda u bilan bogʻliq boʻlgan obroʻsidan shaxsiy boylik orttirish maqsadida yoki bir guruh shaxslarning manfaatlari yoʻlida gʻaraz maqsadlarda foydalanishdan iborat boʻlgan hokimiyatga putur yetkazishda ifodalangan jamiyat uchun xavfli hodisadir. Shuning uchun ham adabiyotlarda “Davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega boʻlgan shaxslarning gʻayriqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda oʻz maqomi va u bilan bogʻliq imkoniyatlardan foydalanishi”, deb ta’kidlanadi.
«Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonunning 9-moddasida bizning bu boradagi huquqlarimiz kafolatlangan. Qununga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlariga doir murojaatlar toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqiladi. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida axborot bergan shaxslarning himoya qilinishi ta’minlanadi.
Soʻnggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan butun mamlakatda tom ma’noda korrupsiyaga qarshi urush e’lon qilindi. Shu sababli loqaydlik, befarqlik, ikkiyuzlamachilik, tovlamachilik, firibgarlik, urugʻ-aymoqchilik, tanish-bilishchilik, poraxoʻrlik kabi illatlarning sodir etilishiga qarshi kurashda barchaning faolligi yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Shu ma’noda joylarda va ta’lim muassasalarida korrupsiyaga oid tadbirlar, turli tanlovlar har yili oʻtkazilib kelinmoqda. Mamlakatimizning kelajagini va obroʻ-e’tiborini qadrlaydigan har bir vijdonli fuqaro bu kabi tahdidlarni esda tutmogʻi darkor. Halol mehnat qilish, oʻz bilimi, kuch-gʻayrati va ijodiy qobiliyatini sarflash uchun barqaror shart-sharoit boʻlishini istaydigan, farzandlari va yaqin kishilari kelajakda ham demokratik, fuqarolik jamiyatida sivilizatsiyalashgan bozor munosabatlarining samaralaridan toʻla-toʻkis foydalanishni orzu qiladigan har bir fuqaro, korrupsiya yoʻliga oʻz vaqtida zarur toʻsiq qoʻyilmasa, bu illatlar qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini anglash qiyin emas. Biz korrupsiya balosiga birgalikda, ahillik bilan, dadil qadamlar ila kurashmogʻimiz zarur.
Yurtimizda sodir boʻlayotgan bunday holatlarga e’tibor bilan nazar tashlasak, korrupsiyaga qoʻl urgan, jinoyat ishi ochilgan odam, birinchi navbatda, qonunni buzadi, qolaversa, yon atrofga oʻzining kimligini, e’tiqodi, olgan tarbiyasi va ma’naviyati qay darajada ekanligini oshkor qiladi. Bunday kimsalar nafaqat davlatimizga moliyaviy ziyon yetkazadi, balki oʻzining va oilasining, butun boshli oilasi va yaqinlarining ham obroʻsini toʻkadi. Eng xatarlisi esa, bugungi kunda ham joylarda jinoyat sodir etilishiga imkon berilayotgan shart-sharoitlar, atrofdagilarning bunday holatga nisbatan befarqligi, qolaversa, bu illatni odamlar oddiy holat sifatida qabul qilayotganliklaridadir, deb hisoblaymiz.
Korrupsiyaga aralashgan, bu jirkanch illatga qoʻl urgan odam uchun aziz narsalar, moʻ’tabar tuygʻularning qadri yoʻqoladi. Bunday odamlar hayotda hamma narsani sotib olish va sotish mumkin, deb oʻylaydi. Ular uchun hayot faqat puldan iborat, deb qarash fikri ustunlik qiladi. Imon-e’tiqod, or-nomus, vijdon, xullas, umuminsoniy qadriyatlar, ular uchun xuddiki ertakdir. Shu bois ham ular ota-onasi, qarindosh-urugʻlari, yoru birodarlari, mahalla-koʻyning yuzini yerga qaratishdan, boshini egishdan uyalmaydi.
Hammamiz yaxshi bilamiz, qonun huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Vakolatlar, huquq va majburiyatlarni, amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab beradi. Agar qonun hayotda ishlamasa, uning bir necha varaq oddiy qogʻozdan farqi qolmaydi. Shunday ekan, «korrupsiya haqida farmon qabul qilindi, endi hammasi iziga tushib ketadi», deb oʻylash, xotirjamlikka berilish katta xato boʻladi. Korrupsiya balosidan qutulish, ayniqsa, ta’lim sohasini uning changalidan ozod etish haqida hammamiz oʻylashimiz, buning zaruratini har birimiz yuragimizdan oʻtkazishimiz, unga qarshi qat’iy kurashishimiz lozim.
Bu kurash kundalik hayotimizdagi oddiy holatlardan boshlanadi. Shifokordan yaxshiroq maslahat olish, navbatni tezlashtirish, reyting daftarchasiga tuzukroq baho qoʻydirish va hokazo vaziyatlarda oʻzimizni munosib tutishimiz lozim boʻladi.
Shuning uchun ham aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xususan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini yanada oshirish orqaligina koʻzlangan natijalarga erishishimiz mumkin.
Ta’kidlaganimizdek, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiyani kuchaytirish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tarixdan ma’lumki, toʻgʻri ishlab, toʻgʻri yashash saodatini bolalikdan, yoshlikdan oʻrgangan odam mard va halol boʻladi. Adolatsizlik, qonunga hurmatsizlik, kasbu amalga, ishonchga xiyonat qilib boʻlmasligini oʻqib-uqqan, poraxoʻrlik va korrupsiyaga, suiiste’molchilikka qarshi oʻzida immunitet hosil qilgan yoshlar kelajakda jur’atli, vijdonli inson boʻlib yetishadi. Qonunga, tartib-qoidalarga hurmat saqlab, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qiladi. Halol mehnat bilan topilmagan boylik totli boʻlmasligini, hech kimga buyurmasligini, yaxshilik emas, yomonlik va kulfat keltirishini tushunadi. Buyuk donishmandlardan bir shunday degan ekan: «…bugun bir jinoyatga qoʻl urgan bola, demakki, oʻz vaqtida toʻgʻri tarbiya berilmaganidan dalolat, xudo biladi, biz bugun tugʻri tarbiya beraolmay qanchadan-qancha jinoyatchilarni tarbiyalabmiz».
Fikrimiz oxirida yuqorida ta’kidlangan fikrlardan kelib chiqib, bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada ijobiy hal qilinishiga koʻmaklashuvchi quyidagi xulosa va takliflarimizni bayon qilishni lozim topdik:
Yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimini yanada takomillashtirish lozim;
Ayni yoʻnalishda har xil tanlovlar, musobaqalar, ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazishni tizimli amalga oshirish zarur;
Rivojlangan davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari tajribasidan andoza olgan holda, bizda ham oliy ta’lim tizimida oʻqituvchilarning pedagogik mahorati, bilimi va ma’naviy dunyosini aniqlashda birinchi navbatda TALABALAR FIKRIga, ya’ni ular tomonidan oʻqituvchini baholashiga asoslanishimiz lozim. Hatto, talabalar fikrlari asosida oʻqituvchilarning mehnat ish haqi miqdori ham belgilanadi. Agar talabalar tomonidan oʻqituvchi faoliyatiga qoʻyilgan baholar juda past boʻlsa, bunday oʻqituvchilar bilan institut shartnomani bekor qilishi prinsiplarini ӯzlarimizga andoza qilib olishimiz zarur;
– Bugungi kunda keng xalq ommasiga korrupsiya bilan qoʻlga olingan jinoyatchilarning keyingi qismatlari haqida yetarlicha axborot berilmayotir. Bu boradagi taklifim, ular jazoga tortilgach, vaqti-vaqti bilan jazoni oʻtash jarayonlari, qanchalik koʻzlari ochilayotgani, pushmon-u armonga toʻla «dil soʻzlari», bola-chaqalarining anduhli intervyulari ham namoyish etib borilsa, bu boradagi huquqiy-ma’rifiy ishlar samaradorligi yanada ortgan boʻlar edi.
– Antikorrupsion qonunchilikni yanada rivojlantirish;
– Korrupsiyaga aniq ta’rif ishlab chiqish va qonunchilikka joriy qilish;
– Milliy qonunchiligimizni BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari bilan hamohangligini ta’minlash;
-Davlat xizmatchilarining “Hulq-atvor Kodeksi”ni ishlab chiqish;
– Respublikamizning markaziy telekanalida jamiyatimizdagi korrupsion holatlar, shuningdek, har xil jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini fosh etishga qaratilgan «Adolat mezoni-24» nomli telekanal tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Unda jinoyatchilarni qoʻlga olishdan tortib, tergov va sud jarayonlarigacha, hatto, jazoni oʻtash hollari ham namoyish etib borilsa, yoshlarda, jamiyki xalqimizda bugungi tinch-osuda zamonamizga, muqaddas oila davrasidagi shirin hayotga shukronalik, qadriga yetishlik hissining yanada yuksalishida muhim omil boʻlishiga ishonchimiz komil.
Xulosa oʻrnida alohida ta’kidlaymanki, biz yoshlar, korrupsiya illatini mutlaqo qoralaymiz va mustaqil davlatimizning nurli kelajagi hamda mamlakatimizni eng rivojlangan davlatlar qatoridan munosib joy olish yoʻlida hamisha Prezidentimizga kamarbastamiz va bu borada biz yoshlarga bildirilayotgan yuksak ishonchni, albatta, oqlaymiz!!!
Dildora Qurbonova,
Ajiniyoz nomidagi NukusDPI Jismoniy madaniyat fakulteti Xotin-qizlar sporti yoʻnalishining 4-bosqich talabasi.