Nukus davlat pedagogika institutida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

Bugun, 24-iyul kunidan boshlab Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2023-2024 oʻquv yili uchun qabul jarayonlarida bakalavriatning alohida iqtidor talab qilinadigan ta’lim yoʻnalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Jismoniy madaniyat, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilayotgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida adolatli hamda oshkora oʻtishi jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shu bilan birga, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.
Imtihonlar Internet tarmogʻi orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga toʻgʻridan-toʻgʻri olib koʻrsatilmoqda.
Abituriyentlarning bilim va koʻnikmalarini baholash uchun Oʻzbekistonning turli ta’lim muassasalaridan, jumladan, Buxoro, Namangan va Qarshi davlat universitetlari, Shahrisabz, Qoʻqon davlat hamda Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika institutlaridan tajribali professor-oʻqituvchilar va mutaxassislar biriktirilgan boʻlib, ular tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi odilona baholanib, toʻplagan ballari oʻsha paytning oʻzida ma’lum qilinmoqda.
— Bugun qizim institutning musiqa ta’limi yoʻnalishida ijodiy imtihon topshirmoqda. Uning kichkinaligidan shu sohaga boʻlgan qiziqishini koʻrib, qoʻllab-quvvatlashga harakat qildik. Qizim musiqa sirlarini oʻrganib, oliy ma’lumotli boʻlib, yetuk kadr boʻlishni oʻz oldiga maqsad qilgan. Mana, bugun institutga kelib, bu yerdagi sharoitlardan koʻnglim toʻldi. Imtihon jarayonlari qanday oʻtayotganligini toʻgʻridan-toʻgʻri tomosha qilyapmiz, — deydi Qoʻngʻirot tumanidan kelgan abituriyentning onasi Dilafruz Ayimbetova.
Biz imtihonda ishtirok etgan abituriyentlarning fikrlari bilan ham qiziqdik.
— Jismoniy madaniyat ta’lim yoʻnalishiga hujjat topshirdim va bugungi imtihonda oʻzimning jismoniy hamda ruhiy tayyorgarligimni namoyon etishga harakat qildim. Oʻtgan yillarda ham oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirib, kira olmagan edim. Bu yil ustozlarimiz bilan yaxshi tayyorgarlik koʻrib, imtihonda ham yaxshi natijalarga erishishga harakat qildim. Imtihon adolatli oʻtyapti deb hisoblayman. Chunki, barcha abituriyentlarga oʻz natijalari oʻsha paytning oʻzida, hech qanday toʻsiqlarsiz ma’lum qilinmoqda, — deydi qoraoʻzakli abituriyent Jenisbay Turgʻanbayev.
Eslatib oʻtamiz, institutda bakalavriatning maktabgacha va boshlangʻich ta’limda jismoniy tarbiya va sport ta’lim yoʻnalishiga kasbiy (ijodiy) imtihonlar 29-iyuldan boshlanishi rejalashtirilgan.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 1-avgustgacha davom etadi.
Nukus DPI matbuot xizmati.
