Yoshlar o‘rtasida turli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha birgalikda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Respublika o‘smirlar dispanseri bosh shifokori Tayir Dalimbetov va yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ul mutaxassislar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Targ‘ibot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda dispanser bosh shifokori fakultet dekanlari o‘rinbosarlari, tyutorlar va boshqa mas’ullarga dispanserda talaba-yoshlarning sog‘lig‘ini saqlash, ularda kasalliklarga chalinishning oldini olish, o‘z vaqtida davolash va tibbiy choralar ko‘rish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda turli xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan talabalar salomatligi bilan bog‘liq turli asoslanmagan hujjatlar ham berilayotganini ta’kidlab, birinchi navbatda, yoshlarning salomatligi barchasidan yuqori ekanligi, bunday holatlarda birgalikda amalga oshiriladigan ishlar muhim ekanligini qayd etdi.
