“Nurli olam” toʻgaragi a’zolarining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Aprel oyining beshinchisida Filologiya fakultetida “Nurli olam” toʻgaragi a’zolarining  navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Bu safargi yigʻilish oʻzbek xalqining buyuk farzandi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon hayoti va ijodiga bagʻishlandi. Xususan, Choʻlponning “Kecha va kunduz” asari toʻgarak a’zolari va toʻgarak rahbari oʻzbek tili kafedrasi katta oʻqituvchisi S.Jalilov tomonidan qizgʻin muhokama qilindi.

“Kecha va kunduz” asarining tarbiyaviy ahamiyati, undagi obrazlar tahlili, asarning oʻtmishda va hozirda oʻrganilishi kabi jihatlariga e’tibor berildi. Bilamizki, asar ikki qismdan iborat ya’ni roman dilogiya hisoblanadi. Asarning “kunduz” qismi topilmagan. Siz “Kecha va kunduz” asarini “kunduz” qismini qanday tasavvur qilasiz? Aynan shu savol talabalar tomonidan juda katta bahs-munozaraga sabab boʻldi. “Kecha va kunduz” asariga taqriz va maqolalar tanlovi e’lon qilingan boʻlib muhokama soʻnggida g‘oliblar aniqlandi va ularga Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Bayram Otemuratov tomonidan kitoblar sovgʻa qilindi.

Keyingi yigʻilish 12-aprel kuni oʻtkazilib, unda Erkin Vohidov “Istanbul fojeasi” va 17- aprelda Asqad Muhtorning “Chinor” asarlari muhokamasi boʻlib oʻtadi. Barcha adabiyotga qiziqadigan talaba doʻstlarimizni taklif qilib qolamiz.

 

Umidbek Qodirov,

Filologiya fakulteti 2- bosqich talabasi.