Yangilanish va yasharish ayyomi muborak bo‘lsin!

Assalomu alaykum, hurmatli professor-o‘qituvchilar, qadrli talaba-yoshlar, aziz vatandoshlar!

Sizlarni va sizlar orqali butun xalqimizni ulusning ulug‘ kuni, sharq xalqlarining yangilanish va yasharish ayyomi, ming yillardan buyon ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan – Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Hammamiz guvohi bo‘lib turganimizdek, bir necha kundan buyon mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z umumxalq bayrami “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida o‘zgacha ko‘tarinkilik, katta uyushqoqlik bilan nishonlanmoqda. Bayram arafasida ona tabiatimiz uyg‘onib, xalqimiz qalbiga cheksiz quvonch, zavq va yangi umidlar bag‘ishlamoqda.

Navro‘z – yangi kun, yangi mavsumning boshlanishi hisoblanib, donishmand xalqimiz har doim yil boshini ezgu niyatlar, ulkan maqsad va umidlar bilan kutib olgan.

Bu muqaddas bayram har birimizni necha yuz yillardan buyon avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotgan milliy an’ana va qadriyatlarimizni e’zozlash, buyuk tariximizni anglash, dunyo tan olgan donishmand ajdodlarimizning munosib davomchilari bo‘lishdek yuksak tuyg‘ularga chulg‘aydi.

Shunday qutlug‘ sanada yana bir bor siz, aziz vatandoshlarimizni ezgulik jarchisi, sharq xalqlarining yangi yil boshi, ulusning ulug‘ kuni – Navro‘z bayrami bilan tabriklar ekanman, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik, xonadonlaringizga omonlik, fayzu baraka, ishlaringizda katta muvaffaqiyatlar tilayman!

Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!

Hurmat bilan,

Alisher Ubbiyev,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.