,,Nurli olam’’

Barchamizga ma’lumki, insonning ma’naviyati, dunyoqarashi ruhiyati va qalb kechinmalariga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan narsa bu badiiy adabiyotdir. Badiiy adabiyotni chuqur tahlil qilish orqali uning ma’no mazmunini teran anglaymiz. Undagi g‘oya nima? Mavzu nima? Uning kitobxonga qanday foydali jihatlari bor? O‘sha asardan nimani o‘rgansa bo‘ladi? Kabi savollarga javob topamiz.
Bizning filologiyafakultetimizda yangidan tashkil etilgan ,,Nurli olam’’ to‘garagi katta maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yib ish boshladi. To‘garak rahbari o‘zbek tili kafedrasi katta o‘qituvchisi S.Jalilov hamda to‘garak sardori Qodirov Umidbek talabalardagi badiiy asarga bo‘lgan ishtiyoqni yanada oshirishga erishmoqdalar.
To‘g‘ri, biz filologmiz. Badiiy adabiyot bizning asosiy qurolimiz, hech qachon usiz yolg‘iz yurmaymiz, lekin badiiy asarlarni tahlil qilish jarayonida oddiy kitobxon ko‘zi bilan qaramaslikka va chuqur filologik tahlil asoslariga tayanib ish olib borishga harakat qilamiz.
Albatta, o‘z kasbimizning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishga shu va shu kabi to‘garaklar katta yordam beradi.

,,Nurliolam’’ to‘garagi ilk bora 2-’’B’’guruhning ilg‘or talabalari tamonidan Axborot soati doirasida tashkil qilinib unda Chingiz Aytmatovning ,,Birinchi muallim’’ qissasi tahlil qilingan edi. Fevraloyi – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur oyligi doirasida esa Pirimqul Qodirovning yirik tarixiy romani ,,Yulduzli tunlar’’ chuqur tahlil qilinib, asarning kamchiliklari, yutuqlari, undagi voqealar qanchalik haqiqatga yaqinligi, obrazlar tizimi, asar badiyatini ochib bergan omillar talabalar tamonidan asosli ravishda sharhlab berilgan edi.
Shuningdek yig‘inga Nukus shahar Al-Beruniy nomidagi diniy bilim yurti o‘qituvchisi K.Mambetov ham taklif qilinib, Zahiriddin Muhammad Boburning nima uchun shialikka o‘tgani, o‘sha paytdagi diniy muhit, ko‘p xotinlik oqibatlari haqida birqancha tushunchalar berdi.
15-mart kuni esa O‘zbek adabiyotining yana bir buyuk romani, ,,O‘tkan kunlar’’ tahliliga bag‘ishlangan to‘garak mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Bosh binomizdagi anjumanlar zali 1-kursdan tortib to 3-kurs talabalarigacha to‘lib ketdi. Chunki, barcha o‘zbek adabiyotining shoh asari bo‘lgan O‘tkan kunlar romanini sevib o‘qigan.
Tadbirda S.Jalilov, O‘zbek adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi S.Bekchanova hamda N.Allambergenovalar qatnashishdi.
Dastlab, S.Jalilov tadbirni ochib berdi. U o‘z nutqida to‘garakning maqsad va vazifalari haqida yana bir bor to‘xtalib o‘tib, O‘tkan kunlar romani haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Shundan so‘ng talabalarga O‘tkan kunlar filimidan kichik lavha namoyish etildi.Videorolikdan so‘ng talabalarning bahs-munozaralari boshlanib ketdi. Birinchi bo‘lib so‘zga chiqqan 2-kurs talabasi Qurbonbayev Otabek avvalo asarning bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati, yoshlarga ibrat bo‘la oladigan Otabek va Kumush obrazlari haqida bir qancha fikrlarni bildirdi Asar haqida fikr-mulohaza bildirish qizg‘in bahsga aylanib ketdi. Romandagi bosh qahramonlarning ruhiy holati, personajlar hatti-harakati tahlil qilindi.
Asardagi asosiy aybdor kim? Nima uchun Kumush o‘ldi? Bunga aybdor Zaynabmi?, Otabekmi? Yoki o‘z qizini Toshkentga yubormagan Kumushning ota-onasimi? Yoki o‘g‘lini ikkinchi marta uylantirgan O‘zbekoyimmi? Degan mushohadalar atrofida ko‘pgina fikrlarini asoslab berishga harakat qildilar. Albatta, badiiy asarni har kim har xil tushinadi har kimning o‘z dunyoqarashi bor. Shundan so‘ng katta o‘qituvchi S.Bekchanova tamonidan talabalarga roman bo‘yicha bir biridan qiziqarli bo‘lgan savollar berildi. Talabalar savollarga mukammal javob berishga harakat qildilar. So‘ngra talabalar tamonidan asarning nashrga tayyorlash jarayonidagi xatoliklar sanab o‘tildi. Eng oxirida ustozlarimiz asar haqida to‘liq ilmiy jihatdan isbotlangan, chuqur tahliliy yondashilgan ma’lumotlarni berib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida S.Jalilov talabalarga bu asar o‘zbek adabiyotining bebaho asari ekanligini qancha yillardan buyon o‘z qiymatini yo‘qotmasdan kelayotganligini, unda o‘zbek xalqining butun bo‘y-basti yaqqol ko‘rsatilganligini, ,,O‘tkan kunlar’’o‘zbek adabiyoti tarixidagi birinchi roman bo‘lsa ham, juda mukammal yaratilganligi ta’kidlab o‘tdi. Tadbir yakunida talabalar keying tahlil Cho‘lponning ,,Kecha va Kunduz’’ romaniga bag‘ishlanishi haqida kelishib oldilar. Agar siz ham badiiy adabiyotga qiziqsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni bildirishni istasangiz, biz sizni 30-mart kuni anjumanlar zalida kutamiz. Zero, ,,Adabiyot yashasa millat yashar’’!!!
Fotima Eshimbetova,
Filologiya fakulteti 2-B kurs talabasi.