Xushxabar! Nukus DPI talabasi Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi gʻolibi boʻldi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yoʻnalishi 3-bosqich talabasi Gulnur Sarsenova Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi gʻolibi boʻldi.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining xabar qilishicha, stipendiya tanloviga Oʻzbekistondagi oliy ta’lim muassasalaridan jami 39 talabaning hujjatlari kelib tushgan boʻlib, ekspertlar guruhining tegishli qarori bilan ular orasidan 7 talabaga davlat stipendiyasi tanlovining gʻolibligi nasib etdi.
Ular orasida Nukus DPI talabasi Gulnur Sarsenova san’atshunoslik va muzeyshunoslik yoʻnalishi boʻyicha Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi gʻolibi deb topildi. G.Sarsenova respublika va xalqaro tanlovlar, koʻrgazmalar, ilmiy anjumanlarda muntazam ishtirok etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Ta’kidlash joiz, institut tomonidan tashkil etilgan «Innovation in teaching foreign languages: problems and perspectives» mavzusidagi Markaziy Osiyo anjumani hamda boshqa ilmiy tadbirlarda oʻz maqolalari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining «Интернаука» xalqaro jurnalida «Одежда каракалпакских женщин» mavzusidagi maqolasi bilan ishtirok etib, sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Gʻoliblarga «Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi sohibi» guvohnomasi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan shu yilning 20-avgust kuniga qadar tantanali ravishda topshiriladi.
Davlat stipendiyasi 1-sentabrdan boshlab bir oʻquv yili davomida belgilangan miqdorda tayinlanadi.
Ma’lumot oʻrnida ta’kidlash joiz, Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-apreldagi «Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, OʻzR Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan boʻlib, oliy ta’lim muassasalarida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yoʻnalishida ta’lim olayotgan talabalar uchun beriladi.
Islam Matekov,
Nukus DPI matbuot kotibi.