Xushxabar! Nukus DPI qizlar regbi jamoasi «Talabalar ligasi» sport musobaqasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi

Shu yilning 3-8-noyabr kunlari oraligʻida Toshkent shahrida Oʻzbekiston Milliy universiteti stadionida Oʻzbekiston Respublikasi talabalar sport assotsiatsiyasi tomonidan sportning regbi-7 turi boʻyicha oliy ta’lim muassasalari talabalari oʻrtasida «Talabalar ligasi» musobaqasi oʻtkazilayotgan boʻlib, bugungi kunga qadar qizlar terma jamoalari oʻrtasida musobaqalar oʻz yakuniga yetdi.
Quvonchlisi, musobaqada Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qizlar terma jamoasi barcha raqib jamoalari ustidan gʻalaba qozonib, 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi hamda «Talabalar ligasi» sport musobaqasi gʻolibi boʻldi.

Finalgacha boʻlgan musobaqalarda Andijon davlat universiteti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Fargʻona davlat universiteti hamda Qoraqalpoq davlat universiteti jamoalarini yengib chiqqan Nukus DPI qizlar terma jamoasi finalda ikkinchi marta Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoasi ustidan 24:12 hisobida gʻalaba erishdi.
Erkaklar oʻrtasida musobaqalar ertadan boshlanishi belgilangan boʻlib, unda institutning erkaklar terma jamoasi ham ishtirok etadi.
Musobaqaga talabalarni tajribali murabbiy-oʻqituvchi Polat Mamutov tayyorladi.
Talabalarimizga musobaqada omad tilaymiz!
Nukus DPI matbuot xizmati.