Chet el dasturlaridagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasining ishtiroki

Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi bilan Britaniya Kengashi “Advance HE” dasturi doirasida birgalikda ish olib bormoqda. Ushbu dasturning bir qismi “Change Academy”da Oʻzbekiston Respublikasining saralangan 8 ta oliy ta’lim muassasalari seminar-treninglarida qatnashdi.

“Change Academy” oliy ta’lim muassasalari (OTM) ta’lim sifatini  takomillashtirishga qaratilgan boʻlib, moliyaviy, akademik va tashkiliy mustaqillikga erishgan OTMlarga intensiv sharoitlarda salohiyatini oshirishga yordam beruvchi va yoʻnaltiruvchi global dastur hisoblanadi.

Nukus davlat pedagogika institutining tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, fizika oʻqitish metodikasi, ingliz tili va adabiyoti, boshlangʻich ta’lim va maktabgacha ta’lim yoʻnalishlarida faoliyat olib boradigan oʻqituvchi va talabalar, katta bir komandani shakllantirib, institut ta’lim sifatini oshirish maqsadida oʻzlarining loyihasi bilan treninglarning faol qatnashchilari boʻldi. Mazkur seminar-treninglarning asosiy maqsadi qatnashchilarga loyiha yozish tamoyillarini tushuntirish, loyiha yozishdagi asosiy masalalar, loyihaning natijasi va uni amaliyotda qanday tadbiq qilish masalalari boʻyicha ma’lumotlar va tavsiyalar berish.

Trening Nukus DPI komandasi uchun samarali boʻldi. Chunonchi, tashkillashtirilgan trening institut jamoasiga proyekt yozish jarayonida koʻz ilgʻamagan kamchiliklari va yutuqlarini anglay olishga yordam berdi. NDPI jamoasining tarkibi dekan, kafedra mudiri, oʻqituvchilar, magistratura va bakalavr bosqichidagi talabalardan iborat, ammo komanda a’zolari maqom farqlariga qaramasdan, vazifani shijoat bilan bajardi va mahsuldor ish olib bordi. Bu kabi faollik “Change Academy” dasturining asosiy tamoyillariga mos keladi, ya’niy bu dastur barcha darajadagi, har xil ish tajribasi, professionallik va akademik xizmatlari kabi sifatlardan tashkil topgan sakkiz kishilik jamoalar uchun moʻljallangan.

“Change Academy” dasturi oʻz ichiga intensiv seanslar (Leaps), ta’lim jarayoniga asoslangan oʻzgarishlar, loyihalar, masofaviy ta’lim formatida yordam beradigan professional tarmoqlar, virtual oʻquv muhit va milliylikni saqlagan holda amalga oshiradigan tadbirlarni birlashtiradi.