Turkiy tillar fakultetida “Ziyo istagan yoshlar uchun” shiori ostida “QOBUSNOMA”- qoraqalpoq tilida…” nomi bilan yangi kitob taqdimoti tashkillashtirildi

Ma’lumki, shoh Kaykovusning “Qobusnoma” asarida tarbiya, axloq masalalari asosiy o‘rinni egallaydi. Kitob 44 bobdan iborat. Muallif “Ota-onani hurmatlash haqida” bobida g‘oyat muhim bir fikrni bayon qiladi, bu o‘rinda xalqimizning  “Nima eksang, shuni o‘rasan” degan mashhur bir maqolini ishlatadi. Unga ko‘ra kishi odamlarga yaxshilik qilsa, kattalarga hurmat, kichiklarga muruvvat qilsa, uning bu ezgu ishlari boshqalardan qaytadi, mabodo yomonlik, dilozorlik qilsa ham qilmishlari boshqalardan albatta o‘ziga qaytadi. 

Aytish mumkinki, yosh kitobxon talabalarimiz bo‘sh vaqtlarida bunday mazmundagi asarlarni o‘qib o‘z ma’naviyatlarini mohiyatan boyitadilar. Bugun yosh kitobxonlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, ular istagan asarlarini elektron variantda o‘qib tushunishlari mumkin. Jamiyatning ertangi kunini tinch va obod bo‘lishi, eng avvalo, yoshlarimiz olayotgan, o‘zlashtirayotgan ta’lim-tarbiyaga bog‘liq. Qaysi xonadon, mahalla, oilada tarbiya yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha xonadon, mahalla, oila ahil-totuvlikka oshno, topgan-tutganida baraka bo‘ladi. O‘z-o‘zidan yurt obodligi va ozodligi ham mustahkamlanib, yuksalib boraveradi. 

Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasida har doimgi davrdan bir necha barobar koʻp miqdorda samarali ishlar amalga oshmoqda, tashviqot-targʻibotlar olib borilmoqda. Ma’naviy barkamol kitobxon avlod tarbiyasida har bir oʻquv dargohi muhim va mustahkam poydevor.

Shu bois, institutimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasidagi har qanday faoliyatda kafedra va toʻgaraklar bilan hamohang, hamfikr ish yuritish koʻzlangan maqsadlarga erishishga munosib zamin yaratadi.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil qilish borasida joriy 2022-yilning 25-fevral sanasida Turkiy tillar fakulteti Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashi yetakchisi, “Qizlarjon” ilmiy-adabiy toʻgaragi rahbari Feruza Sapayeva tomonidan toʻgarak a’zolari, shuningdek bir guruh ijodkor talabalar bilan birgalikda institutimiz faollar zalida “Ziyo istagan yoshlar uchun” shiori ostida  “QOBUSNOMA”- qoraqalpoq tilida…” nomi bilan yangi kitob taqdimoti, xususan mazkur kitobni qoraqalpoq tiliga oʻgirgan yosh tarjimon, ijodkor-shoir Allayar Darmenov bilan uchrashuv  tashkillashtirildi.

Hozirda yoshlarimiz asosiy axborotni televideniya va internet orqali olmoqda. Shu sabab talaba-yoshlarni kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning ma’naviy saviyasini oshirishda kitob muhim ahamiyat kasb etadi. Axir buyuk shoir va mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy: “Kitob – beminnat ustoz. U har daqiqa bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi”, desa, qoraqalpoq xalqining buyuk dargʻalaridan biri Ajiniyoz: “Yaxshining har bir soʻzi ma’naviyatdir”– degan edilar.

Dastlab, taqdimot kechasini “Qizlarjon” ilmiy-adabiy toʻgaragi rahbari F.D.Sapayeva kirish soʻz bilan ochib, kelgusida tarjimonning nomi mashhur tarjimonlar qatorida tilga olinishi, bu esa yosh ijodkor uchun juda ulkan muvaffaqiyat kaliti ekanligini alohida qayd qildi va muallif-tarjimon talabalar tomonidan quyuq olqishlandi.

Kitob Eronda sakkiz marta nashr etiladi. Bularning eng mukammali mashhur Rizo Qulixon Hidoyat tomonidan 1890 – 1891-yillarda chop etilgan nashri hisoblanadi. Asar keyinchalik Bombeyda, Isfaxonda Fatxulla ibn Amulla Vali Urduni Baxtiyoriy tomonidan chop etildi. Bundan tashqari, «Qobusnoma» ko’plab Sharq va G’arb tillariga o’girilib, nashr etilgan. Jumladan, 1432-yilda Merjomak Ahmad ibn Ilyos tomonidan, 1705-yilda Hasan posha Nazmizoda Murtoza tomonidan, 1881-yilda Qozon tatarlari tilida Qayum Nosiriy tomonidan, 1860-yilda Muhammad Rizo Ogahiy tomonidan o’zbek tiliga, G’arb tillaridan — nemis, fransuz, ingliz tillariga tarjima qilinib, chop etildi. Shunday ekan, “Qobusnoma”ning qoraqalpoq tiliga tarjimasi qoraqalpoq adabiyotida muhim voqelik, qoraqalpoq milliy adabiyoti uchun ulkan adabiy meros, – ekanligi ta’kidlandi.

Shundan soʻng yosh-ijodkor shoir, tarjimon Allayar Darmenov soʻzga chiqib, yigʻilganlarga va tashkilotchilarga oʻz minnatdorchiligini izhor qildi, oʻz ijodiy faoliyati, she’r yaratish jarayonlarining mazmun va mohiyatini, “Qobusnoma”ning qoraqalpoq tiliga qilgan tarjimasi va shu jarayonda uning bir qancha murakkabliklari haqida, shuningdek yaqin kunlarda yana bir  ijodiy yangilik “Sulayman Baqirgʻaniy” kitobining qoraqalpoq tiliga qilingan tarjima kitobiga muharrirlik qilgani haqida qiziqarli ma’lumot va faktlar xususida gapirib berdi.   

 Mazkur kitob taqdimoti fakultetimizning iqtidorli va ijodkor talabalarida oʻziga xos tarzda ijodiy muhit yaratib, kitob mutolaasiga mehr uygʻotishda muhim ahamiyat kasb etdi, boisi uchrashuv roppa-rosa 2 soatgacha davom etib, turkiy tillarda: oʻzbekcha, qoraqalpoqcha, turkmancha savollar va mulohazalar qizgʻin baxs-tortishuvlarga boy boʻldi. Alxusus, kitob mutolaasi insonni hayoti davomida mukofot bilan taqdirlovchi sharafli mehnatdir. Tadbirda eng faol, oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashgan talabalar: Qalbaeva Aynura, Seytjanova Gauhar, Perdebaev Ikram, Serikova Gulbahar, Imakova Malika, Joldasov Jaras, Komekbaeva Ulbosin (3-kurs Qoraqalpoq tili va adabiyoti yoʻnalishi talabalari), Xushanov Alisher (3-kurs Oʻzga tilli guruhlarda oʻzbek tili yoʻnalishi talabasi), Elmurodov Azizbek, Andakulova Kimyoxon, Abdurasulova Iroda (2-kurs Oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi talabalari) lar boʻldi.

Aytish joizki, ushbu taqdimot doirasida talabalar, turkiy zabonli millat vakillarining (oʻzbek, qoraqalpoq, turkman, qozoq) adabiyotshunoslik asoslari, adabiyoti tarixi, hozirgi adabiy jarayon, mutolaa madaniyati va ifodali oʻqish kabi ixtisoslik fanlari kesimida talqin qilinishi lozim boʻlgan asarlarni oʻqish va tahlillashga jalb etilmoqda.

Kitobga oshno kishidan hech vaqt yomonlik chiqmaydi. Zero, talabalarimizga kitob oʻqishni targʻib etishimizgina emas, balki ularga oʻrnak boʻlish hayotiy taomilimizning bosh mezoni boʻlib qolajak…