Zulfiya – she’riyat tongining yulduzi
Turkiy tillar fakulteti miqyosida Zulfiyaxonim tavalludining 107 yilligi munosabati bilan institut katta faollar zalida “Zulfiya – she’riyat tongining yulduzi” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy kecha tashkillashtirdi.
Bahor va Zulfiya…
Bular bir-birini to‘liqtirib turgandek, bir-biriga egizak soʻzlardek goʻyo…
Ha, yurtimizga bahor kirib kelishi bilan eng sevimli bayramlar boshlanadi. 1-mart o‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilovaning tavallud topgan kuni. Har yili 1-mart sanasi atoqli O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya tavalludi munosabati bilan koʻpgina ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy kechalar keng nishonlanadi. Ma’lumki, adibaning porloq xotirasi vatandoshlarimiz qalbida abadiy saqlanib qolgan. U kishining oltindan qimmat bo‘lgan she’rlari, kelajak avlodlarga qoldirgan boy adabiy merosi asrlar davomida adabiyotimiz xazinasidan joy oldi. Shoirani xotirlab Respublikamizda ko‘plab ommaviy tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar uyushtirilmoqda.
Shu ma’noda, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Turkiy tillar fakulteti Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashi yetakchisi, “Qizlarjon” ilmiy-adabiy to‘garak rahbari Feruza Sapayeva Zulfiyaxonimning 107-yilligi munosabati bilan “Zulfiyani eslab…” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha tashkillashtirdi.
Kechani institut Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashi raisi S.Bekchanova kirish soʻz bilan ochib berdi va yigʻilganlarni ushbu ayyom bilan tabriklab, fakultetimiz talaba qizlarini Zulfiyaxonim izdoshlari boʻlishdek sharafli maqsad sari intilishlariga, chinakam adabiyot olamiga, san’atga, kitobga, hayotga muhabbat sari odimlashlariga umid va ishonch bildirdi.
Tadbirda koʻpmillatli mazkur fakultetning 2-, 3- kurs (oʻzbek tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishi, qoraqalpoq tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishi, qozoq tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishi, turkman tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishi talabalari) talabalari o‘z iste’dodlarini namoyish qilib faol ishtirok etishdi.
Adabiy – badiiy kechada fakultetimiz oʻqituvchi va tyutorlari ham ishtirok etdilar.
Kechada Hamid Olimjon va Zulfiya hayoti tasvirlangan video-rolik va lavhalar, shoira ijodiyoti boʻyicha ma’ruza, she’r va qoʻshiqlar oʻzbek, qoraqalpoq, turkman, qozoq tillarida talabalarimiz tomonidan zavq-shavq bilan namoyish etildi.
Hali bu kabi adabiy-badiiy tadbirlar institutimiz boʻylab keng yoyilajak…
