Shogirdlar e’zozidagi ustoz professor

Dono xalqimiz orasida «Ustoz – otangdan ulugʻ» degan hikmatli soʻz bor. Haqiqatan ham, har bir insonning ota-onasi farzandini dunyoga keltirib, unga tarbiya bersa, ustozning bergan oʻgitlari, bilimi hamda ta’lim-tarbiyasi uning yetuk inson boʻlishiga katta hissa qoʻshadi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Fozilbek Farhodov boshchiligida institut professori, pedagogika fanlari doktori, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibi, koʻpgina shogirdlarning hurmatli ustozi, shoir Oserbay Aleuovning holidan xabar oldi.

Tashrif buyuruvchilar professor va uning oila a’zolarini yaqindagina boʻlib oʻtgan Qurbon hayiti bilan tabriklab, sihat-salomatlik, oilasiga omonlik, rizq-roʻz tiladi. Shuningdek, iyul oyi boshlarida Qoraqalpogʻistonda boʻlib oʻtgan noxush voqealar haqida muloqot boʻlib, tinchlikning qadriga yetishimiz, uni koʻz qorachigʻidek asrashimiz zarurligi ta’kidlab oʻtildi.
Ustozga vazirlik hamda institut jamoasi nomidan minnatdorlik bildirilib, milliy chopon kiydirildi va sovgʻalar topshirildi.
Oʻz navbatida, professor Oserbay Aleuov bunday e’tibor va e’zoz uchun tashakkur izhor etib, oʻz qalamiga mansub she’riy toʻplamini kelgan mehmonlarga sovgʻa qildi.
Institutda nuroniy ustozlar holidan xabar olish tadbirlari davom etmoqda.
Nukus DPI matbuot xizmati.
