“Kitob mo‘jizaga chorlaydi” mavzusida adabiy kecha boʻlib oʻtdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasi va institut akademik litseyi hamkorligida “Kitob mo‘jizaga chorlaydi” mavzusida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, shoira Guljamol Asaqarova bilan adabiy uchrashuv tashkil qilindi.
Tadbirni O‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri, dotsent S.Matyakupov ochib berdi va olib bordi. Dastlab Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Guljamol Asaqarova “So‘z sehri va ijod mehri” mavzusida ma’ruza qildi. Shundan so‘ng, “Hur o‘lkaning sevimli shoirasi” mavzusida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent S.Bekchanova, “Yuksak orzular haqidagi kitob” (G.Asqarovaning “Uyg‘otuvchi alla” kitobi asosida) mavzusida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent N.Allambergenova hamda “She’riyat va yoshlar tarbiyasi” mavzusida NukusDPI akademik litseyi o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Q.Utepova ma’ruza qildilar.
Shundan so‘ng, kafedra o‘qituvchilari professor v.v.b. F.Sapayeva hamda M.Ergashevlar ham shoiraning she’rlari haqidagi o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida O‘zbek adabiyoti kafedrasi qoshida tashkl qilingan “Nihol” to‘garagi a’zolari, fakultet talabalari va litsey o‘quvchilari shoiraning she’rlaridan namunalar o‘qib berdilar. Shuningdek, Guljamol Asaqarovadan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga munosib javoblar olishdi.
Uchrashuv yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
