Talabalar turar joyida yashayotgan talabalar bilan birgalikda targ‘ibot ishlari tashkillashtirildi

Institutimiz talabalar turar joyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus doirasida talabalar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish niyatida “Qishki ta’tilda eng munosib kitoblar mutolaasi” shiori ostida targ‘ibot ishlari olib borildi va fakultet talaba-qizlarining yashash sharoitlari o‘rganib chiqildi.
Talabaning yashash va o‘qish sharoiti bilan bog‘liq muammo ta’lim va tarbiyaning sifatiga bevosita daxldordir. Shunday ekan, ularning yashash sharoitiga e’tibor doimo nazoratda bo‘lishi zarur. Bu borada muammolar bo‘lsa uni albattta yechish davr talabi. Talabaning bilim olishi biz uchun nihoyatda muhim. Shu taomilni ko‘zlagan maqsad bilan Turkiy tillar fakulteti Xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi Feruza Sapayeva institutimiz TTJ da yashayotgan fakultet talabalarining sharoitlari bilan tanishdi.
Talabalar turar joylarida talabalarning yashashi, bilim olishi, darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Muloqot ruhidagi mazkur targ‘ibot va tashviqot yo‘nalishidagi uchrashuvda insoniyat tamaddunida kitobning tutgan o‘rni, adabiyot va zamon, kitobxonlik madaniyati xususida so‘z bordi. TTJ da yashayotgan talabalarni kitobga oshno etish, xususan qishki ta’til davrida qanday kitoblar mutolaasi zarurligi, kitob mutolaasini odobning ajralmas me’yorlaridan biriga aylantirish, ulug‘ ajdodlarimizning boy ilmiy va adabiy merosi bilan tanishtirib borish uchun F.D.Sapayeva yotoqxona kutubxonasida bo‘lib, shu kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashdi. Suhbat chog‘ida institut psixologi Guljamol Toreniyazova ham qatnashib, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Bu kabi targ‘ibotlar kitobxonlikni yoshlar ongiga singdirish bilan bir qatorda ularning ma’naviyati va salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
