Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoraqalpogʻistonda

Bugun, 29 mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilar va talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda vazir soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari, taʼlim jarayonini sifat jihatidan yuqori darajaga koʻtarish boʻyicha bajarilayotgan ishlar hamda kelgusi vazifalarga batafsil toʻxtaldi.

Bugungi kunda har bir oliy taʼlim muassasasida dunyoning yetakchi taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻqish jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va oʻquv-uslubiy materiallarni keng turda joriy etish, nazariya va amaliyotning, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarishning uzviyligini taʼminlash, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, professor-oʻqituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish, iqtidorli talabalarni ushbu jarayonga jalb etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, oʻquv hamda ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport majmualari, talabalar turar joylari kabi infratuzilma obʼektlarini qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida taʼkidlandi.

Uchrashuvda qoraqalpogʻistonlik olimlar, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovga sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi fikr va takliflarini bildirdi.

Chunonchi, barcha oliy taʼlim muassasalarida yosh shoir, yozuvchi, dramaturg kabi ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida «Yoz ijodkorlar» klubini tashkil etish, ularning ijod namunalarini vazirlik mablagʻlari hisobidan mchop etish, masofaviy taʼlimni takomillashtirish maqsadida yangi platforma ishlab chiqish, tasviriy sanʼatga qobiliyatli yoshlarning hamda mashhur musavvirlarning ijodiy ishlaridan iborat galereya tashkillashtirish, «Universiada» sport oʻyinlari qatoriga paralimpiya oʻyinlarini kiritish, talabalarning xorijda hamda respublikamiz oliy taʼlim muassasalarida akademik almashinuvlarini yoʻlga qoʻyish, respublikamizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarning ilmiy jurnallarida qoraqalpoq tilida ham maqolalarni chop etish imkoniyatini yaratib berish, shuningdek, yoshlar oʻzlarining startap hamda innovatsion loyihalarining vazirlik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi yuzasidan takliflar bildirildi.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov bildirilgan takliflar va koʻtarilgan masalalarni birma-bir tinglab, ularning ijobiy hal etilishi hamda qoʻllab-quvvatlanishini alohida taʼkidladi va masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Uchrashuv oʻzaro fikr almashish hamda ochiq muloqot tarzida davom etdi.

Uchrashuvda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining oʻrinbosari S.Buzrukxonov hamda vazirlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshligʻi N.Kayupov ishtirok etdi.

Nukus DPI matbuot xizmati.