Nukus DPI talabalari xorijlik olimlar bilan xalqaro arxeologik ekspeditsiyada ishtirok etmoqda

Shu yilning 23-may hamda 10-iyun kunlari oraligʻida Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universiteti va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti oʻrtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasi asosida Nukus tumani hududidagi Kerder madaniyatiga tegishli boʻlgan «Hayvonqal’a» yodgorlik majmuasida xalqaro arxeologik ekspeditsiya oʻtkazilmoqda.
Xalqaro miqyosda birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur arxeologik ekspeditsiyada Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Fanlar Akademiyasi A.X.Xalikov nomidagi Arxeologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Ayrat Sitdikov rahbarligidagi olimlar, shu bilan birga, Rossiya, Qozogʻistonning oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan 20 dan ortiq mutaxassislar, shuningdek, institutning Tarix fakulteti professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etmoqda.
– Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning qoraqalpogʻistonlik talaba-yoshlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvida men xorijiy oliy ta’lim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda talabalari bilan tajriba almashish imkoniyatini beruvchi xalqaro ekspeditsiyalar tashkil etish taklifini bildirgan edim. Mana, bugun men va men bilan birga tahsil olayotgan yoshlar shunday imkoniyatga ega boʻlayapmiz. Bu bizlarning nazariy bilimlarimizni amaliyotda mustahkamlash imkoniyatini beradi, – deydi Nukus davlat pedagogika instituti Tarix fakulteti talabasi J.Jollibayeva.
«Hayvonqal’a» arxeologik yodgorligida amalga oshiriladigan xalqaro ekspeditsiyadan koʻzlangan asosiy maqsad arxeologik qazishma ishlari natijasida topilgan buyumlar hamda madaniy qatlamlar boʻyicha xalqaro ilmiy fikrni shakllantirish, shuningdek, ilmiy xulosalar chiqarish uchun belgilangan ishlarni bajarishdan iborat.
Buning uchun institut tomonidan 1 milliard 400 million soʻmga maxsus chodirlar hamda 4 milliard soʻmga qazishma ishlarida foydalaniladigan arxeologik asbob-uskunalar sotib olindi.
Toʻplangan materiallar asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ularning natijalarini keng jamoatchilikga, jumladan, xalqaro miqyosda e’lon qilish, institutning Tarix fakulteti talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot davomida mustahkamlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish xalqaro ilmiy-arxeologik ekspeditsiyadan kutilayotgan amaliy natijalar hisoblanadi.
Nukus DPI matbuot xizmati.
