Nukus davlat pedagogika institutida «IFTE-2023: Uzbekistan» xalqaro anjumani oʻz ishini boshladi

Bugun, 29-may kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida «Zamonaviy talablar sharoitida pedagogik ta’lim sifati» mavzusidagi «IFTE-2023: Uzbekistan» xalqaro anjumani oʻz ishini boshladi.
Anjumanning ochilish plenar majlisida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshligʻi Nursultan Kayupov, Yevroosiyo pedagogik universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti, Moskva davlat pedagogika universiteti rektori Aleksey Lubkov, Qozon federal universiteti Psixologiya va ta’lim instituti direktori Aydar Kalimullin, shuningdek, institut rektori Bayrambay Otemuratovlar soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari toʻgʻrisida ma’lumotlar berdi.
Bugungi kunda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash nafaqat ta’lim muassasasi, balki xalqaro miqyosda hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan barcha ta’lim tizimining vazifasiga aylandi. Bu, albatta, fan va ta’lim yoʻnalishidagi salohiyatlarimizni birlashtirishni taqazo etadi.
Anjumanning asosiy maqsadi:
- Ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi olimlar, amaliyotchilar hamda davlat hokimiyati organlari vakillari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish;
- Ta’lim jarayonini takomillashtirish maqsadida milliy hamda xalqaro miqyosda oʻqituvchilarning malakasini oshirish sohasida tadqiqotlar va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, shuningdek, tajriba almashish;
- Ta’lim sohasida oʻqituvchilar hamda mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish yoʻnalishida oʻzaro hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Anjuman zamonaviy ijtimoiy-madaniy sharoitda ta’lim an’analari, yangicha yondashuvlar, ta’limning samaradorligini oshirishda oʻqituvchilarning uslubiy tayyorgarligi, pedagog kadrlar tayyorlashda tarixiy-pedagogik yondashuv kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.
Xalqaro anjumanga Rossiya, Germaniya, Xitoy, Sloveniya, Ispaniya, Malayziya, Pokistan, Filippin hamda Qozogʻiston mamlakatlaridan dunyoga mashhur pedagog olimlar, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan anjuman doirasida 3 ta plenar hamda 30 ta seksiya majlisi, 5 ta davra suhbati, rossiyalik pedagoglar ishtirokida umumta’lim maktablarining oʻqituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarbiyachilari uchun mahorat darslari, oliy ta’lim muassasalari doktorant va magistrantlari uchun ochiq ma’ruzalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida anjuman ishtirokchilariga sertifikatlar, minnatdorlik xatlari, oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagoglari uchun sovgʻalar topshiriladi.
Anjuman yakunlari boʻyicha DOI, Google Scholar, OPEN AIRE bazasidagi elektron jurnalda 296 ta maqola, Oliy attestatsiya komissiyasi tarkibiga kiruvchi «Fan va jamiyat» jurnalida 30 ta maqola, shuningdek, Web of Science tarkibiga kiruvchi Bolgariya jurnalida 100 dan ortiq maqolalar chop etilishi kutilmoqda.
Xalqaro anjuman 31-maygacha davom etadi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.
