NukusDPIda kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

Bugun, 9-iyul kunidan boshlab Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2024-2025-oʻquv yili uchun qabul jarayonlarida bakalavriatning alohida iqtidor talab qilinadigan taʼlim yoʻnalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Jismoniy madaniyat, musiqa taʼlimi, tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilayotgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida adolatli hamda oshkora oʻtishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shu bilan birga, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligidan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.
Imtihon jarayonlari Internet tarmogʻi orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga toʻgʻridan-toʻgʻri olib koʻrsatilmoqda.
Abituriyentlarning bilim va koʻnikmalarini baholash uchun Oʻzbekistonning turli taʼlim muassasalaridan, jumladan, Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti, Jizzax davlat pedagogika universiteti, shuningdek, Buxoro va Termiz davlat pedagogika institutlaridan tajribali professor-oʻqituvchilar va mutaxassislar biriktirilgan boʻlib, ular tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi odilona baholanib, toʻplagan ballari oʻsha paytning oʻzida maʼlum qilinmoqda.
— Bugun qizim institutning musiqa taʼlimi yoʻnalishida ijodiy imtihon topshirmoqda. Uning kichkinaligidan shu sohaga boʻlgan qiziqishini koʻrib, qoʻllab-quvvatlashga harakat qildik. Qizim musiqa sirlarini oʻrganib, oliy maʼlumotli boʻlib, yetuk kadr boʻlishni oʻz oldiga maqsad qilgan. Mana, bugun institutga kelib, bu yerdagi sharoitlardan koʻnglim toʻldi. Imtihon jarayonlari qanday oʻtayotganligini toʻgʻridan-toʻgʻri tomosha qilyapmiz, — deydi Qoʻngʻirot tumanidan kelgan abituriyentning onasi Injigul Qurbaniyazova.
Biz imtihonda ishtirok etgan abituriyentlarning fikrlari bilan ham qiziqdik.
— Bugungi imtihon uchun ustoz-murabbiylarimiz bilan yaxshi tayyorgarlik koʻrib, imtihonda ham yaxshi natijalarga erishishga harakat qildim. Imtihon adolatli oʻtyapti deb hisoblayman. Chunki, barcha abituriyentlarga oʻz natijalari oʻsha paytning oʻzida, hech qanday toʻsiqlarsiz maʼlum qilinmoqda, — deydi nukuslik abituriyent Jenay Amenov.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlar shu yilning 13-iyul kunigacha davom etadi.
Nukus DPI matbuot xizmati.
