Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida
Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli oʻzining betakror va sermazmun ijodi bilan xalqimiz madaniyati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va ogʻizbirchilikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan ulkan ijodkordir. Hassos shoirning sheʼr va dostonlarida aks etgan gumanistik falsafiy qarashlar el-yurtimiz qalbidan chuqur joy egallagan.
Xivadagi mashhur Shergʻozixon va Qutlimurod inoq madrasalarida tahsil olgan bu ulugʻ siymo nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqamizda xalqchil shoir, yetuk muallim va ustoz, mohir xattot sifatida shuhrat qozongani ayniqsa eʼtiborga molikdir. Uning goʻzal asarlari turkman, qozoq, qirgʻiz va boshqa qardosh xalqlar tomonidan ham sevib oʻqilmoqda.
Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi umumbashariy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.
Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining betakror adabiy merosini yanada keng oʻrganish va ommalashtirish hamda tavalludining 200 yilligini munosib nishonlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmalari, YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiya, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Badiiy akademiya hamda jamoatchilik vakillarining Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini mamlakatimizda keng nishonlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
3. Tashkiliy qoʻmita (A.Aripov) bir hafta muddatda Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini nishonlash hamda uning ijodiy merosini keng targʻib qilish boʻyicha quyidagi vazifalarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin hamda uning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishini taʼminlasin:
– shoirning “Tanlangan asarlar” toʻplamini oʻzbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini oʻtkazish;
– davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmini yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtirish;
– Nukus shahrida shoir ijodiga bagʻishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qoʻshiqlaridan” mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari oʻquvchilari oʻrtasida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli hayoti va ijodiga bagʻishlangan insholar tanlovini oʻtkazish;
– 2024-yilning sentyabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy koʻrgazmalar zalida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va ijodiga bagʻishlangan kitoblar, tasviriy sanʼat asarlari va xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmasini oʻtkazish;
– 2024-yilning oktyabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining adabiy merosini oʻrganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish;
– Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish;
– Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining Moʻynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik oʻrnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli nomidagi ekopark barpo etish;
– mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus, professional, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligiga bagʻishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtirish;
– 2024-yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarini tashkil etish.
4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan byudjet mablagʻlari, ularning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2024-yil 16-iyul.