Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi

“Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-258-son, 16.07.2024-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi.

Shoir tavalludining 200 yilligini nishonlash hamda uning ijodiy merosini keng targʻib qilish boʻyicha quyidagi vazifalarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi, jumladan:

– shoirning “Tanlangan asarlar” toʻplamini oʻzbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini oʻtkazish;

– davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmini yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtirish;

– Nukus shahrida shoir ijodiga bagʻishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qoʻshiqlaridan” mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari oʻquvchilari oʻrtasida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli hayoti va ijodiga bagʻishlangan insholar tanlovini oʻtkazish;

– 2024-yilning sentabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy koʻrgazmalar zalida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va ijodiga bagʻishlangan kitoblar, tasviriy sanʼat asarlari va xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmasini oʻtkazish;

– 2024-yilning oktabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining adabiy merosini oʻrganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish;

– Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish;

– Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining Moʻynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik oʻrnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli nomidagi ekopark barpo etish;

– mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus, professional, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligiga bagʻishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtirish;

– 2024-yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarini tashkil etish.

NukusDPI matbuot xizmati.