Prezidentimizning eʼtibori bilan qoraqalpogʻistonlik yoshlarga joriy yilda ham qoʻshimcha kvotalar ajratiladi
Xabaringiz bor, bugun, 17-avgust kuni 2024-2025-oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlari boʻyicha tanlov natijalari eʼlon qilindi. Yakuniy tanlov natijalari (mandat) bilan yurtimizning qator yoshlari talaba boʻlish baxtiga muyassar boʻldi.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning gʻamxoʻrligi va eʼtibori natijasida qoraqalpogʻistonlik yoshlarga qator imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Shunday ekan, joriy yilda talabalar qatoridan joy olmagan shahar va tumanlarimizda yashovchi abituriyentlar hali xulosa qilishiga erta.
Sababi, yoshlarga berilgan imkoniyatlar qatorida 2022-yil 31-avgustdagi 213-sonli Prezident farmoni bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida doimiy yashovchi, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlar uchun 2023-2024-oʻquv yilida davlat granti asosida qoʻshimcha 3 ming kvota, toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha 6 ming 500 kvota ajratilgan edi.
Farmon bilan qoraqalpogʻistonlik 6500 yoshning qoʻshimcha kvota asosida Nukus va Toshkent shahridan tashqari viloyatlardagi davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi va oliygohda bilim olishi uchun imkoniyat yaratilishi belgilangan boʻlib, joriy yilda ham viloyatlardagi davlat oliy taʼlim muassasalarini tanlagan abituriyentlar uchun qoʻshimcha kvotalar ajratilishi nazarda tutilmoqda.
❗️Bundan tushunamizki, bugungi eʼlon qilinayotgan mandat natijalari boʻyicha talaba boʻlganlardan tashqari yana 6500 yoshlarimiz oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Axborot xizmati.