“TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni respublika bosqichining gʻoliblari aniqlandi

Bugun, 11-oktabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti madaniyat saroyida “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni respublika bosqichining yakuni hamda gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi Tajibay Romanov, Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari Bayrambay Otemuratov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Batirbek Qayipbergenov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Otabek Mahkamov, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, olimlar, marafon ishtirokchilari boʻlgan innovator yoshlar, shuningdek, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir dastlab “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni respublika bosqichi ishtirokchilarining innovatsiya, startap, texnologiya, dasturlash boʻyicha ishlab chiqilgan loyihalari hamda qurilmalari koʻrgazmasi bilan boshlandi. Yosh ishtirokchilar mehmonlarga oʻz ishlanmalarining texnologik imkoniyatlari, ularning qoʻllanilishi hamda ijtimoiy ahamiyati toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Yoshlar bilan suhbat davomida mehmonlar ularning ilgari surayotgan gʻoyalari va loyihalarini amaliyotga keng joriy etish boʻyicha takliflarini bildirdi.

Marafonning respublika bosqichi dasturiy taʼminot va texnologik yechim yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy hamda innovatsion gʻoyalar, loyihalar, shuningdek, tashabbuslari bor 30 yoshgacha boʻlgan 100 dan ortiq istiqbolli va innovator yoshlarni birlashtira oldi.

Marafon davomida ishtirokchilar tegishli yoʻnalishlar kesimida oʻzlarining innovatsion hamda dasturiy loyihalrining taqdimotlarini oʻtkazdi.

Ishtirokchilarning innovatsion loyihalari tegishli soha mutaxassislaridan iborat ekspertlar tomonidan belgilangan meʼyorlar asosida baholandi.

Shunday qilib, “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni respublika bosqichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida:

“Dasturiy taʼminot” yoʻnalishi boʻyicha:
1-oʻrin – Biybinaz Turemuratova;
2-oʻrin – Akbarali Orazimbetov;
3-oʻrin – Dinora Qallibekova;
“Texnologik yechim” yoʻnalishi boʻyicha:
1-oʻrin – Samat Bayanov;
2-oʻrin – Jalalatdin Usnatdinov;
3-oʻrin – Umida Muhammeddinovalarga nasib etdi.

Hududlardan kelgan va onlayn roʻyxatdan oʻtkan ishtirokchilar oʻrtasida:

“Dasturiy taʼminot” yoʻnalishi boʻyicha:
1-oʻrinni – Lazizbek Temirov;
2-oʻrinni – Uchqun Umirov;
3-oʻrinni – Alibek Qogambayev;
“Texnologik yechim” yoʻnalishi boʻyicha:
1-oʻrinni – Qudratbek Muhammadjonov;
2-oʻrinni – Numonjon Ibrohimov;
3-oʻrinni – Lazizbek Yodgorov egalladi.

Gʻoliblar va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Tadbir oliy taʼlim muassasalari qobiliyatli talabalari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.