Oliy taʼlim muassasalaridan kelgan yoshlar uchun madaniy-koʻngilochar hamda sport tadbirlari tashkillashtirildi

Shu yilning 9-noyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishi oʻtkazilishi hamda tizimda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Umumrespublika marafoniga start berilishi va Nukus shahrida ajratilgan yer maydonida “Ziyolilar bogʻi”ni tashkil etish uchun daraxt koʻchatlarini ekish belgilangan.

Mazkur tadbirlarda ishtirok etish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurgan respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari vakillari va talaba-yoshlari uchun Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tomonidan madaniy-koʻngilochar hamda sport tadbirlari tashkillashtirildi.

Konsert dasturida yoshlar qoraqalpoq milliy hamda estrada qoʻshiqlariga raqsga tushgan boʻlsa, shaxmat va shashka boʻyicha oʻtkazilgan doʻstlik oʻyinlarida oʻzaro muloqot qildi. Shu bilan birga, qoraqalpoq kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan badiiy film mehmonlar eʼtiboriga havola etildi. Kechki dasturda talabalar turar joyi oldida yoshlar uchun gulxan atrofida zavqli adabiy-madaniy kecha takshillashtirish belgilangan.

NukusDPI matbuot xizmati.