Nukus shahrida Oliy taʼlim, fan innovatsiyalar vazirligining kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Poytaxtimiz Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida joylashgan “Qorauy”da Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan innovatsiyalar vazirligining kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda vazirlikning mutasaddilari, hududiy boshqarmalarning rahbarlari, respublika oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamda direktorlari ishtirok etdi.
Hayʼat yigʻilishini vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov boshqarib bordi.
Yigʻilishda hududlarni rivojlantirish va drayver nuqtalarini belgilash, tarmoq va sohalarda mavjud boʻlgan muammolarga yechim topish, mahallalar, kerak boʻlsa har bir oilaning turmush tarziga ijobiy taʼsir koʻrsata oladigan ilmiy asoslantirilgan yondashuvni joriy qilishda aynan oliygohlar va texnikumlar jamoasining ilmiy salohiyati va amaliy tajribasini keng joriy qilish masalalariga alohida urgʻu berildi.
Mana shunday tizimli yondashuv va ilmiy-amaliy tajribaning Qoraqalpogʻiston Respublikasida boshlanishi ham bejiz emas. Mazkur yigʻilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha hududlardagi oliygohlar va texnikumlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼlim va innovatsiyalar orqali kuchaytirish uchun muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.
Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
NukusDPI matbuot xizmati.
