Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasining loyihalari ko‘rib chiqildi
Bugun, 26-yanvar kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida oliy ta’lim tashkilotlarini 2025-yilda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hamda faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan tuzilgan Respublika ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, ishchi guruh rahbari Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirok etib, oliy ta’lim muassasalarini har tomonlama rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasining loyihalari ko‘rib chiqildi.
Respublika ishchi guruhi a’zolarining o‘rganishlari natijasida oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini takomillashtirish, raqamlashtirish va ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarning natijadorligini oshirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, talaba yoshlarda tarbiyaviy ishlar tizimini takomillashtirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, moddiy-texnik ta’minot, o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash, xorijiy ta’lim va tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida ishlab chiqilgan takliflar har tomonlama muhokama qilindi.
NukusDPI matbuot xizmati.
