Boshlang‘ich ta’lim fakulteti – Rektor kubogi g‘olibi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlarning kitobxonlik madaniyati va notiqlik mahoratini oshirish, mantiqiy-ijtimoiy fikrlash, fikrlarini erkin yetkazish darajasini rivojlantirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida «Rektor kubogi» uchun «Munozara» intellektual o‘yinining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov so‘zga chiqib, yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlarni ommalashtirishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi va barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.

Finalda barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan Boshlang‘ich ta’lim fakultetining «Primary» va Tarix fakultetining «Turon» jamoalari g‘oliblik uchun o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

Final o‘yinida ishtirokchilar «Ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongiga ta’siri» mavzusi bo‘yicha tasdiqlovchi va inkor etuvchi pozitsiyalarda o‘z bilim va ko‘nikmalari, to‘plagan ma’lumotlari va notiqlik mahoratlarini namoyish etishga harakat qildi.

Shunday qilib, juda qizg‘in tarzda o‘tgan final o‘yini yakunida Boshlang‘ich ta’lim fakultetining «Primary» jamoasi g‘olib deb topilib, «Munozara» intellektual o‘yini bo‘yicha «Rektor kubogi» g‘olibi bo‘ldi.

Tarix fakultetining «Turon» jamoasi 2-o‘rinni, Jismoniy madaniyat fakultetining «Imperiya» jamoasi esa faxrli 3-o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindor jamoalar a’zolariga diplomlar, institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi nomidan qimmatbaho sovg‘alar, shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan kitoblar topshirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.