Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bo‘yicha o‘quv-seminari tashkil etildi

Bugun, 14-fevral kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bo‘yicha mutaxassislarning ishini tashkil etish va mehnatga oid hujjatlarni rasmiylashtirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda respublikamizdagi vazirlik, idora va tashkilotlarning yuridik, kadrlar va kasaba uyushmalari masalalari bo‘yicha mas’ul mutaxassislari, shahar va tumanlarning tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari hamda huquqiy maslahatchilari ishtirok etdi.

O‘quv-seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari R.Saparbayev so‘zga chiqib, sohalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning mehnatga oid huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolarni ta’kidlab o‘tdi.

O‘quv-seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, sud organlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining mas’ul mutaxassislari mehnat shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish tartiblari, muammoli masalalarni sudda ko‘rib chiqish, kasaba uyushmasi qo‘mitalarining mehnat shartnomasini bekor qilishdagi roli kabi masalalar bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil ma’lumotlar va ko‘nikmalar berdi.

Tadbirda ishtirokchilar kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.

NukusDPI matbuot xizmati.