Talabalar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazilmoqda

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, shuningdek, «Besh tashabbus olimpiadasi,» «Talabalar ligasi» kabi sport musobaqalari uchun institutning terma jamoasiga zaxira sportchilarni aniqlash maqsadida fakultetlar o‘rtasida bir necha sport turlaridan musobaqalar tashkil etilmoqda.
Institut sport klubi tomonidan har bir sport turi bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalar jadvali ishlab chiqilib, tashkiliy ishlar olib borildi.
Dastlabki musobaqalar «aql gimnastikasi» hisoblangan shaxmat bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Qarjaubay Reymov ishtirok etib, institutda yoshlarni sport va sog‘lomlashtirish tadbirlariga keng qamrab olish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi va barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, institut sport klubi tomonidan taqdirlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.
