Adolat va ma’rifat timsoli – Zahiriddin Muhammad Bobur

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida atoqli davlat arbobi, mohir sarkarda, buyuk shoir, tarixchi olim sifatida mamlakatimiz va jahon xalqlari tarixida o‘chmas iz qoldirgan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan «Adolat va ma’rifat timsoli» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya va badiiy-adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyani institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov boshqarib bordi.

Tadbirda «Bobur hayotida ayol-qizlarning o‘rni,» «Mahram asror topmadim…,» «Komron Mirzo she’riyatida Bobur an’analari,» «Bobur g‘azallarida ma’rifatparvarlik g‘oyalari» mavzularidagi ma’ruzalar o‘qilib, buyuk siymoning hayoti va asarlari, jahon xalqlari tarixi va adabiyotida tutgan o‘rni haqida fikrlar bildirildi.

1503-yilda «Xatti Boburiy» deb atalgan alifbo yaratgan. 1519-yilda Kobulda «Kobul devoni»ni tuzdi. 1521-yilda o‘g‘li Humoyunga bag‘ishlab, huquqshunoslikka oid, soliq ishlarini tartibga soluvchi «Mubayyin al-zakot» («Zakot bayoni») asarini yaratdi. Musiqa ilmi bilan shug‘ullanib, «Chorgoh» maqomiga «savt»lar yozdi.

1523-1525-yillarda adabiyotshunoslikka oid «Mufassal» («Qisqacha qo‘llanma») asarini yozdi. 1528-yilda Xo‘ja Ahrorning «Volidiya» asarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. 1528-1529-yillari «Hind devoni»ni tuzib chiqdi.

Boburning tarixiy-memuar asari hisoblangan «Boburnoma» 1494-1529-yillardagi voqealarni o‘z ichiga oladi. «Boburnoma» XVI asrda Sharq tillariga tarjima qilingan. 1826-1985-yillar oralig‘ida to‘rt marta ingliz, uch marta fransuz, bir marta nemis tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.

Bobur Hindistondagi hukmronligi davrida adolatli qonunlar chiqardi, jizya solig‘ini bekor qildi, vafot etgan erini xotini bilan birga kuydirishni taqiqladi, obodonlashtirish ishlarini yo‘lga qo‘ydi, kanallar qazdirdi, imoratlar qurdirdi. Atrofiga olim-u donishmandlarni to‘pladi. O‘zi borgan joyning tarixi, ilmi, urf-odatlariga hurmat bilan qaradi. Mahalliy aholi vakillari bilan maslahatlashib, hamkorlikda ish olib bordi. Bog‘lar yaratdi. Afg‘oniston va Movarounnahrdagi do‘stlari bilan yaqin aloqada bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida Bobur asarlarining ilmiy-ommabop nashrlari bo‘yicha akademik A.Qayumov, professor S.Hasanov, A.Abdurashidov, H.Muhammadxo‘jayev, V.Rahmonov, E.Ochilov va boshqalar keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi.

Xalqaro Bobur fondi tashabbusi bilan bunyod etilgan Andijondagi Bobur bog‘ida «Bobur va jahon madaniyati» kitob muzeyi ham barpo etildi.

Uning asarlari bugunga qadar o‘ttizdan ortiq jahon tillariga tarjima qilingani, dunyo olimlari tomonidan buyuk ajdodimiz merosini har tomonlama o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va nufuzining yuksalishiga katta hissa qo‘shmoqda.

Tadbir institutning iqtidorli talabalari ijrosidagi badiiy-adabiy bo‘lim bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.