Rektor yoshlarning fikrlari va takliflarini tingladi

 

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Quvondiq Qodirovning “Rektor va yoshlar” formatidagi uchrashuvlari fakultetlar kesimida davom etmoqda.

Fizika-matematika fakulteti talabalari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda institutni har tomonlama rivojlantirish, talabalarning o‘qish, amaliyot jarayoni, bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion g‘oyalar bo‘yicha fikr almashildi.

Dastlab rektor yoshlarga institutda yaratilayotgan sharoitlar, amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar, loyiha va dasturlar haqida ma’lumot berib, talaba-yoshlardan bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida fikr-mulohazalarini bildirishlarini so‘radi.

Talabalar o‘quv va amaliyot jarayonidagi mavjud muammolarni ta’kidlab, “ustoz-shogird” yo‘nalishidagi ishlarni yanada takomillashtirish, nomdor davlat stipendiyalari, yoshlarning innovatsion va startap loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etish va shu kabi ilmiy-pedagogik yo‘nalishdagi takliflarini bildirdi.

Uchrashuv yakunida rektor yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarni o‘zlashtirishga, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish orqali yuqori natijalarga erishishga chaqirdi. Shuningdek, yoshlarning taklif va tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.

NukusDPI matbuot xizmati.