Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalarining faol talaba-yoshlari ishtirokida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tatlimurat Atamuratov, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining “Munozara” intellektual klublari a’zolari va faol talaba-yoshlari ishtirok etdi.

Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

O‘quv-seminarida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tatlimurat Atamuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining majlis bayoni asosida yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, mantiqiy-ijtimoiy fikrlash darajasini rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalaridagi talaba-yoshlar orasida mohirona munozara olib boradigan yoshlarni aniqlash maqsadida ushbu tadbir o‘tkazilayotganini ta’kidlab, kelgusi vaqtlarda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar haqida yoshlarning fikrlari hamda takliflarini tingladi.

“Munozara” intellektual turnirini yuqori saviyada tashkil etish orqali yoshlarning ijtimoiy muammolarini hal etish bo‘yicha Kengashga takliflar tayyorlash asosiy maqsadlardan biridir.

NukusDPI matbuot xizmati.