“Talabalar teatr studiyalari festivali” – iqtidorli yoshlar maydoni
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 25-26-fevral kunlari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Talabalar teatr studiyalari festivali” bo‘lib o‘tdi.
Talaba-yoshlarning teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ma’naviy kamolotga yo‘naltirish orqali amalga oshirilayotgan madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda iqtidorli yoshlarga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish, shuningdek, ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan festivalda institutning barcha fakultetlaridan jamoalar ishtirok etdi.
Festivalning ikkinchi kuni Maktabgacha ta’lim, Jismoniy madaniyat, Tabiiy fanlar va Chet tillari fakultetlarining iqtidorli talabalari gender tengligi va jamiyatda teng huquqlilik, mahalliy va global nizolarning yoshlar hayotiga ta’siri, atrof-muhit va ekologik muammolar, ijtimoiy tarmoqlar va ularda yolg‘on ma’lumotlarning tarqalishining jamiyat hayotiga salbiy ta’siri haqida so‘z yurituvchi sahna ko‘rinishlarini tomoshabinlar e’tiboriga havola etdi.
Talabalarning sahna mahorati hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan baholandi.
Shunday qilib, festival yakunida:
1-o‘rin – Fizika-matematika fakulteti;
2-o‘rin – Turkiy tillar fakulteti;
3-o‘rin – Maktabgacha ta’lim fakulteti jamoasiga nasib etdi.
Shu bilan birga, Tarix fakulteti “Hayotiy muammolarni ko‘tarib chiqqanligi uchun”, Boshlang‘ich ta’lim fakulteti “Ijtimoiy muammolarni yoritgani uchun”, Tabiiy fanlar fakulteti “Ekologik muammoni yoritgani uchun”, Pedagogika fakulteti “Milliy qadriyatlarni yoritgani uchun”, Jismoniy madaniyat fakulteti “Yoshlar muammosini yoritgani uchun”, Chet tillari fakulteti “Global muammolarni yoritgani uchun” kabi nominatsiyalar bilan taqdirlandi.
Pedagogika fakulteti talabasi Feruza Bekbauliyeva “Eng yaxshi ayol roli”, Fizika-matematika fakulteti talabasi Nurmuhammed Saparbayev “Eng yaxshi erkak roli”, Turkiy tillar fakulteti talabasi Azada Uzaqbergenova “Eng yaxshi aktyorlik iste’dodi” nominatsiyalari g‘olibi deb topildi.
G‘olib va sovrindorlarga institut rektorati tomonidan diplom va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan sovg‘alar topshirildi.
NukusDPI matbuot xizmati.