Davlat boshqaruvi organlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun seminar tashkil etildi

Bugun, 4-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan “Innovator, lider ayollar bilan davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish yo‘lida” mavzusida seminar tashkil etildi.

Tadbirda respublikamizdagi davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan rahbar xotin-qizlar ishtirok etdi.

Seminarda filial rahbari A.Reimbayev va agentlik boshqarma boshlig‘i D.Mahkamova so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvi va jamiyat hayotida, shuningdek, oiladagi roli hamda faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.

Seminar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri L.Seytova va boshqa davlat boshqaruvi sohasida faoliyat yuritayotgan, yuqori natijalarga erishgan xotin-qizlar davlat xizmatlarida xotin-qizlarning o‘rni, ularning faolligini oshirish, yetakchilik, xalqchillik, kreativ yondashuv ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha keng turda ma’lumotlar berdi va o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Seminar beshta seksiya bo‘yicha o‘z ishini davom ettirdi.

NukusDPI matbuot xizmati.