NukusDPIda “Maslenitsa” bayrami nishonlandi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Chet tillari fakulteti rus tili va adabiyoti kafedrasi tomonidan slavyan xalqlarining qadimiy va an’anaviy bayramlaridan biri hisoblangan “Maslenitsa” bayrami tashkil etildi.

Bayram kechasida fakultet dekani o‘rinbosari M.Allaniyazova, kafedra mudiri A.Xojaniyazova va boshqalar so‘zga chiqib, ishtirokchilarni yurtimizga kirib kelgan yangilanish va yasharish ayyomi – bahor bayrami, shuningdek, ushbu faslning darakchisi hisoblangan “Maslenitsa” bayrami bilan tabrikladi.

Ushbu bayram har yili institutda xalqlar do‘stligi, millatlararo totuvlik va hamjihatlik bayrami sifatida yuqori tashkilotchilik bilan nishonlanadi.

Kechada talabalar bahor quyoshi va bayramning ramzi hisoblangan blinlarni tarqatib, ishtirokchilar bilan turli o‘yin-kulgilar o‘tkazdi.

Shu bilan birga, iqtidorli yoshlar “Maslenitsa” bayramining mazmun-mohiyatini ifodalovchi hafta kunlari bo‘yicha sahna ko‘rinishlarini yig‘ilganlar e’tiboriga havola etdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchi talabalar rag‘batlantirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.