NukusDPI jamoasi va talaba-yoshlari “Toza shahar” aksiyasida faol ishtirok etmoqda

Bugun, 15-mart kuni poytaxtimiz Nukus shahrida Navro‘z umumxalq bayrami arafasida shahar hokimligining tashabbusi asosida “Toza shahar” aksiyasi yuqori tashkilotchilik bilan boshlandi.

Yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi O‘zbekiston – yangi ekomakon” shiori asosida o‘tkazilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining mehnat jamoasi va talaba-yoshlaridan iborat uch mingga yaqin kishi faol ishtirok etmoqda.

Aksiya ishtirokchilari poytaxtimizning “Bayterek”, “Go‘ne qala”, “Chimboy guzari”, “Yashil bog‘”, “Ko‘k o‘zak”, “Ota makon”, “Omonlik guzari”, “Taslaq”, “Telemarkaz”, “Aqjag‘is”, “Naupir”, “Samanbay”, “Anasay”, “Qo‘shbuloq”, “Yakka terak”, “Juazshi” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida atrof-muhitni chiqindi va begona o‘tlardan tozalash, ariq-zovurlar bo‘ylarini, ekin maydonlarini ko‘chat ekishga tayyorlash, daraxtlar tagini oqlash kabi ishlarni olib bormoqda.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan aksiya ishtirokchilari bo‘lgan yoshlar uchun katta qozonlarda taomlar tayyorlanib, hudud aholisi ham ekologik tadbirga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.

“Toza shahar” aksiyasi 16-mart kuni ham davom etadi.

NukusDPI matbuot xizmati.