NukusDPIda yangi nashr etilgan darsliklar va o‘quv qo‘llanmasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti axborot-resurs markazida pedagogika, qoraqalpoq tili va adabiyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun “Umumiy pedagogika (2-modul)” va “Umumiy pedagogika (3-modul Pedagogik mahorat)” darsliklari, shuningdek, imkoniyati cheklangan o‘quvchilar va ularni maktab ta’limi sohasiga qamrab olishga oid nashr etilgan “Inklyuziv ta’lim” o‘quv qo‘llanmasining taqdimot kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda axborot-resurs markazi ilmiy-metodik va ma’lumotlar bo‘limi boshlig‘i Zlixa Qaynarova, umumiy pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori, professor Tajibay O‘tebayev, pedagogika fanlari doktori, dotsent Gulbahar Bekimbetova, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Pedagogika, qoraqalpoq tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun tayyorlangan “Umumiy pedagogika (2-modul)” darsligi G.Bekimbetova, D.Seytkasimov, T.O‘tebayev, “Umumiy pedagogika (3-modul Pedagogik mahorat)” darsligi esa G.Bekimbetova, D.Seytkasimov, A.Temirbekova muallifligida nashr etilgan bo‘lib, talabalar uchun pedagogika fanining tarixiy rivojlanishi, rivojlanish tendensiyalari, ta’limda innovatsion usullardan foydalanish, jahon pedagogikasi tajribasini qo‘llagan holda o‘qitishda ilg‘or va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, o‘quv-tarbiyaviy jarayonlarni boshqarishda o‘qituvchi va murabbiyning o‘z kasbiga milliy-ma’naviy jihatdan munosabati masalalari haqida so‘z yuritilgan.
Shuningdek, yangidan nashr etilgan “Inklyuziv ta’lim” o‘quv qo‘llanmasi jahon tajribasini o‘rganish va mamlakatimizda integratsiyalashgan, inklyuziv ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy izlanishlarni o‘zida mujassam etgan.
Mazkur o‘quv qo‘llanmadan imkoniyati cheklangan bolalarning inklyuziv ta’limi, ya’ni umumiy ta’lim tizimida o‘qitishning mazmuni, asosiy tamoyillari, talablari va uning mazmuni, tarixi, O‘zbekistonda ushbu ta’lim tizimini joriy etish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yilgan ta’lim muassasalari pedagoglari uchun dars va mashg‘ulotlar ishlanmalari, individual dasturlar bilan ishlash usullari va boshqa zarur materiallar o‘rin olgan.
So‘zga chiqqanlar inklyuziv ta’limning bugungi kundagi ahamiyati haqida to‘xtalib, o‘quv qo‘llanmasini kelgusida darslik sifatida nashrga taqdim etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilgan darsliklar va o‘quv qo‘llanma qoraqalpoq tilida ta’lim olayotgan talabalar hamda sohada faoliyat yuritayotgan pedagoglar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Taqdimot kechasida mualliflar yangi nashr etilgan kitoblarni ishtirokchilarga taqdim etib, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida yangi kitoblar talabalar va professor-o‘qituvchilar foydalanishi uchun institutning axborot-resurs markazi fondiga topshirildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
