NukusDPI akademik litseyining “Qoratol” jamoasi respublika tanlovida “Eng zukko jamoa” deb topildi

Avval xabar berganimizdek, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti akademik litseyining iqtidorli va bilimli o‘quvchi-yoshlaridan tashkil topgan “Qoratol” jamoasi “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanma olgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tashkil etilgan tanlovning respublika final bosqichi Xorazm viloyatining Urganch shahrida bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlaridan g‘olib bo‘lgan jami 14 ta jamoa ishtirok etdi.
Shunday qilib, tanlov yakunida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti akademik litseyining “Qoratol” jamoasi 4-o‘rinni egallab, “Eng zukko jamoa” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.
Litseyimiz o‘quvchilari va ularning ustozlarini respublika tanlovidagi g‘alabalari bilan tabriklaymiz!
NukusDPI matbuot xizmati.
