Ellikqal’a pedagogika fakultetida “Rektor va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

Bugun, 22-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Quvondiq Qodirov Ellikqal’a pedagogika fakulteti talaba-yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda talabalarning o‘quv jarayoni, ilmiy va ijtimoiy faolligi, shuningdek, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Dastlab rektor talabalarga institutdagi imkoniyatlar, yangi yo‘lga qo‘yiladigan loyihalar haqida ma’lumot berib, yoshlarni o‘z fikrlarini erkin ifoda etishga, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga, respublika va xalqaro miqyosda yuqori natijalarga erishishga chaqirdi.

O‘z navbatida, yoshlar o‘quv va amaliyot jarayonidagi ayrim masalalar, ilmiy va badiiy kitoblar bilan ta’minlanish darajasini oshirish, ijodkor yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil etish, psixologik seminarlar o‘tkazish, sport to‘garaklari faoliyatini takomillashtirish, yoshlarni kitobxonlikka yo‘naltirish maqsadida turli targ‘ibot aksiyalarini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Rektor talabalarning har bir fikriga e’tibor qaratib, ularning muammolarini hal etish yo‘llari haqida ma’lumot berdi va institutni rivojlantirish bo‘yicha loyihalari bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuv yakunida rektor yoshlarni kelajakda yanada yuqori natijalar kutayotganligi, ular o‘z intilishlari, ilmiy va ijtimoiy faolligini yanada oshirishlari zarurligini ta’kidladi.

NukusDPI matbuot xizmati.