“Yashil makon” aksiyasi – yashil kelajakka yo‘naltiruvchi ezgu tashabbus

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi va talaba-yoshlari mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va shu orqali aholining turmush tarzini yaxshilashga yo‘naltirilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini davom ettirmoqda.

Bugun, 23-mart kuni institutning faol talabalari ishtirokida poytaxtimizdagi “Shadli aul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ajratilgan yer maydonida ko‘chat ekishga tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Bu yerda yoshlar ustozlari boshchiligida begona o‘tlardan va chiqindilardan tozalash ishlarini amalga oshirdi.

– Joriy yil bahor mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida institutimiz tomonidan poytaxtimiz Nukus shahri va uning atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadida 11 ming tup turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Albatta, bu orqali yashil hududlarni kengaytirish, havo sifatini yaxshilash, global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini kamaytirish, shuningdek, aholining, shu jumladan, yoshlarimizning ekologik mas’uliyatini oshirish – bizning asosiy maqsadimiz, – deydi institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov.

Bunday chora-tadbirlar tabiatni muhofaza qilishning samarali usulini yaratish bilan birga, kelajak avlodlarga toza va sog‘lom muhitni qoldirishga zamin yaratadi.

Institutda aksiya doirasidagi obodonlashtirish tadbirlari davom etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.