NukusDPIda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan xalq sayli va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 28-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan «Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!» nomli bayram sayli va teatrlashtirilgan musiqiy-xoreografik konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, respublikamizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, taniqli ziyolilar, olimlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, shuningdek, institut atrofidagi mahallalar aholisi, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bayram tadbirida institut rektori Quvondiq Qodirov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Nuroniy» jamg‘armasi boshlig‘i Tursinbay Abdijabbarov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilar va mehmonlarni ulusning ulug‘ kuni, sharq xalqlarining yangilanish va yosharish ayyomi, ming yillardan buyon ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan – Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida oliy ta’lim sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari, ayniqsa, so‘nggi yillarda Nukus davlat pedagogika institutining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari, shunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan institut talaba-yoshlarining qo‘lga kiritayotgan yutuqlari alohida ta’kidlandi.

Joriy o‘quv yilining o‘zida pedagogika instituti yoshlari orasidan 2 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va 15 ta nomdor davlat stipendiyalari tanlovlari, shuningdek, 13 ta Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li nomidagi stipendiya tanlovi g‘oliblari yetishib chiqqani, shuningdek, sport sohasida bir necha bor jahon, Osiyo birinchiliklari, O‘zbekiston chempionatlari hamda adabiyot, san’at, madaniyat sohalari bo‘yicha Zulfiya nomidagi, shuningdek, «Nihol», «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotlari hamda birnechta xalqaro tanlovlar, fan olimpiadalari g‘oliblari ushbu dargohda tahsil olayotgani ko‘ngillarda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

O‘tgan yil pedagogika instituti tarixida ulkan voqealarga, ijobiy o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining bevosita e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida davlat byudjeti hisobidan 76 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, zamonaviy tipda qurib bitkazilgan 2 ming o‘rinli yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi respublikamizdagi to‘ng‘ich ta’lim maskanining 90 yillik to‘yiga munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Yangi o‘quv binosida zamonaviy o‘quv va ma’ruza auditoriyalari, eng so‘nggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, IT-inkubatsiya, axborot-resurs markazlari, registrator ofisi va boshqa ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan.

Prezidentimizning «Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq institutga ismi berilgan ulug‘ shoirning yubileyi respublika va xalqaro miqyosda keng nishonlandi.

Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu sana YUNESKO doirasida xalqaro miqyosda nishonlanadigan yubileylar qatoriga kiritilgani xalqimizni cheksiz quvontirdi.

Yubiley doirasida institutda Ajiniyoz muzeyi tashkil etilib, respublika va xalqaro ilmiy-adabiy tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazildi.

Teatrlashtirilgan konsert dasturida institutning «To‘maris» ashula va raqs xalq ansambli, «Siy perde», «Baldauren», «Tarannum» va boshqa ansambllari, «Turon» teatr-studiyasi, shuningdek, bir guruh iqtidorli talabalar, institut bitiruvchilari tomonidan milliy urf-odatlar, an’analar aks etgan sahna ko‘rinishlari, qo‘shiqlar, raqslar ijro etilib, millatlararo totuvlikni tarannum etuvchi qoraqalpoqcha, o‘zbekcha, qozoqcha, turkmancha, qirg‘izcha, ruscha, shuningdek, klassik qo‘shiqlar ijro etildi va yig‘ilganlarga bayram kayfiyatini ulashdi.

Bayram sayli doirasida milliy sport o‘yinlari bo‘yicha bir qator musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Fakultetlarda tahsil olayotgan talabalar ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan milliy kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, qo‘l kurashi va boshqa sport turlari bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

Bayram munosabati bilan institutning talabalar turar joyida sumalak sayli, milliy taomlar festivali tashkil etildi.

Xulosa qilib aytganda, har yilgidek bu yil ham Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi ulusning ulug‘ kuni – Navro‘z bayramini ko‘tarinki kayfiyatda nishonladi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.