Nukus davlat pedagogika institutida yangi obyektlar foydalanishga topshirildi

Joriy yilning 29-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yangi qurib bitkazilgan talabalar turar joyi, sport majmuasi va katta sport maydonlarining foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Bayrambay Otemuratov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, vazirlik hamda tashkilotlar vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, institut jamoasi, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi obyektlarning Navro‘z umumxalq bayrami va Ramazon hayiti arafasida foydalanishga topshirilishi institut jamoasi uchun bayram sovg‘asi bo‘lganligini alohida ta’kidladi.
Ayni paytda institutda 16 mingga yaqin talaba tahsil olayotgan bo‘lib, ulardan 1700 ga yaqin yoshlar talabalar turar joylariga qamrab olingan. Institutning yangi qurib bitkazilgan ushbu 3-sonli talabalar turar joyi 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yoshlarning talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
Talabalar turar joyi qurilishi uchun institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 23 milliard 704 million so‘m mablag‘ ajratildi va qurilish ishlari sifatli ravishda yuqori darajada olib borildi. Bu yerda talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar mavjud. Xususan, axborot-resurs va IT markazlari, xorijiy tillarni o‘rganish va tikuvchilik to‘garaklari, shaxmat klubi, ma’naviyat xonalari yoshlarning bilim va qobiliyatlarini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ham maxsus xonalar ajratilib, zarur qulayliklar yaratilgan.
Tadbir doirasida institutning futzal, gandbol va basketbol sport turlariga ixtisoslashgan zamonaviy sport majmuasining ramziy tasmasi ham kesilib, foydalanishga topshirildi.
Ta’kidlash joizki, ayni paytda institutda yoshlarni sport va sog‘lomlashtirish tadbirlariga keng jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Institutning Jismoniy madaniyat fakulteti va sport klubi tomonidan har bir fakultet kesimida «Besh tashabbus olimpiadasi», «Talabalar ligasi», «Universiada» va «Rektor kubogi» sport musobaqalari muntazam o‘tkaziladi. Jami 9 ta sport turi – voleybol, basketbol, futbol, shaxmat, futzal, gandbol, kurash, yengil atletika va stol tennisi bo‘yicha sport to‘garaklarida yoshlar muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanmoqda.
Shunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan institut yoshlarining sport yo‘nalishidagi natijalari ham yuqori bo‘lmoqda.
«Universiada» sport musobaqalarida sportchi talabalarning qo‘lga kiritgan yutuqlari natijasida 2019- va 2023-yillarda institutga sport anjomlaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirilgan bo‘lsa, voleybol va regbi-7 sport turlari bo‘yicha institut talabalari mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida Osiyo va boshqa xalqaro sport musobaqalarida qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Shu bilan birga, institut talabalari orasidan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston, Osiyo va jahon birinchiliklari g‘oliblari yetishib chiqmoqda.
Foydalanishga topshirilgan mazkur sport majmuasining qurilish-rekonstruksiya ishlari uchun institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 4 milliard 438 million so‘m ajratildi.
Tantanali tadbir doirasida institutning futbol, yengil atletika va basketbol sport turlariga ixtisoslashgan katta sport maydoni ham foydalanishga topshirildi. Umumiy 300 ta tomoshabin o‘rniga mo‘ljallangan sport maydoni institutning yangi o‘quv binosi ortidagi bo‘sh turgan yer maydonida barpo etilgan bo‘lib, bu yerda 6 milliard 199 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari qo‘li gul quruvchilar tomonidan olib borildi. Ushbu sport inshootlari institutda sport bilan muntazam shug‘ullanadigan talaba-yoshlar sonini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari foydalanishga topshirilgan yangi obyektlarda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.
Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.
