Ertalabki badantarbiya – salomatlik garovi

“O‘z oldiga buyuk maqsadlar qo‘ygan xalq faqat sog‘lom va baquvvat bo‘lgan taqdirdagina ko‘zlagan marralariga erisha oladi. El-yurtning sog‘lom bo‘lishi, ulkan ishlarga qodir bo‘lishida esa, hech shubhasiz, jismoniy tarbiya va sportning ahamiyati beqiyos”, – deya ta’kidlagan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

Darhaqiqat, inson o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, sport bilan shug‘ullanib, jismonan chiniqib tursa, salomatligi uchun juda foydali hisoblanadi. Har kuni ertalab 15-20 daqiqalik jismoniy mashq yoki 40-60 daqiqa davomida ochiq havoda piyoda yurish ayniqsa foydali.

Bugun, 2-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida erta tongdan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirokida ertalabki badantarbiya tadbiri tashkil etildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda xalqimiz orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ommaviy sportni keng targ‘ib qilish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, jismonan yetuk, sog‘lom avlodni tarbiyalash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib o‘tkazilgan tadbirda institut professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlaridan iborat 1000 ga yaqin kishi ishtirok etdi.

Buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sinoning: “Badantarbiya – salomatlikni saqlashda samarali usuldir” degan hikmati har birimizning hayotimizdagi shiorimizga aylansagina kelajak avlodlarimizning komil inson bo‘lishiga zamin yaratgan bo‘lamiz.

Institutda yaqinda foydalanishga topshirilgan zamonaviy sport majmuasi va katta sport maydoni ushbu maqsadlarga erishish uchun asosiy baza bo‘lib xizmat qilmoqda.

Institutda ommaviy sport tadbirlari davom etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.