Kasaba uyushmasi qo‘mitasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 2-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan 2020-2024-yillarda amalga oshirilgan ishlarning hisoboti hamda qo‘mita raisi va tarkibini saylashga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Rustam Abdurahmonov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashkiliy bo‘limi boshlig‘i Gulnara Ilmuradova, institut rektori Quvondiq Qodirov, shuningdek, prorektorlar, institut fakultetlari, kafedralar va bo‘limlardan delegatlar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarning qo‘lga kiritgan yutuqlari, ilmiy-ijodiy ishlari, tasviriy va hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasi bilan tanishib, institutda tashkil etilgan Ajiniyoz muzeyini tomosha qildi.

Konferensiya kun tartibiga muvofiq, dastlab institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan qayd etilgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Karamatdin Gulimbetovning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kundada institutning kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zolari 17 mingdan ortiq bo‘lib, xodimlar va talaba-yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha samarali ishlar olib borildi.

O‘tgan 5 yillik davr mobaynida Ijtimoiy sug‘urta hisobidan 67 nafar xodimga sanatoriylarga yo‘llanmalar uchun 236 million 437 ming so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, institut kasaba uyushmasi byudjeti hisobidan 140 nafar xodimga sog‘lig‘ini tiklashi uchun jami 491 million 934 ming so‘mlik yo‘llanma berildi.

2020-2024 yillar oralig‘ida institutda ishlaydigan xodimlarning farzandlari uchun yozgi dam olish markazlariga jami 48 ta yo‘llanma berilib, 59 125 200 so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ularning oilaviy sharoitlarini hisobga olgan holda 556 kishiga 376 342 796 so‘m miqdorida moddiy yordamlar berildi.

O‘tgan davr mobaynida ichki turizmni rivojlantirish maqsadida institutning professor-o‘qituvchilari va texnik xodimlari uchun Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Boysun shaharlariga, shuningdek, mahalliy Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, Ellikqal’a, Beruniy tumanlariga sayohatlar tashkil etildi va 583 nafar xodimga 438 350 000 so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Muvaffaqiyatga erishgan yoshlar va professor-o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda bayram sanalari munosabati bilan rag‘batlantirish maqsadida 362 nafar xodimga 253 804 000 so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Institutda o‘tkaziladigan turli intellektual, innovatsion, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tanlovlar uchun 1 816 728 980 so‘m, sport va sog‘lomlashtirish bo‘yicha musobaqalar va tadbirlar uchun 642 738 000 so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Institut rektorati bilan tuzilgan jamoat shartnomasi asosida xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida berish, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi masalalarini yo‘lga qo‘yish, talabalarning o‘qish sharoitlarini yaxshilash va stipendiyalarini berish ishlari o‘z vaqtida va to‘liq shaklda nazoratga olinib, tegishli tartibda ishlar olib borildi.

Institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘tgan davr mobaynida soha xodimlari va talabalarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari, huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ham qator ishlarni amalga oshirdi.

Bularning natijasida o‘tgan yili 28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik bo‘yicha jamoaviy nazoratni tashkil etish” respublika tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida institut O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi sohasida “Eng yaxshi korxona” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan mutasaddilar va delegatlar institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan 2020-2024 yillar oralig‘ida amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi.

Tadbir doirasida institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisini saylash va uning tarkibini tasdiqlash bo‘yicha masala ham ko‘rib chiqildi.

Konferensiyada delegatlar tomonidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Gulimbetov Karamatdin Nizamatdinovich institut kasaba uyushmasi qo‘mitasining raisi lavozimiga saylandi.

Tadbirda institut rektori Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni alohida ta’kidlab o‘tdi va kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Konferensiya yakunida kasaba uyushmasi qo‘mitasining faol a’zolariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.