NukusDPIda professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar birgalikda ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlarini olib bordi

Ertalabki badantarbiya inson salomatligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. U organizmni uyg‘otib, kun davomida tetik va faol bo‘lishga yordam beradi. Jismoniy mashqlar qon aylanishini yaxshilaydi, mushaklarni mustahkamlaydi va immunitetni kuchaytiradi.
Bugun, 3-aprel kuni ham Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirokida ertalabki badantarbiya tadbiri tashkil etildi.
Ommaviy salomatlik tadbirida institut rektori Quvondiq Qodirov, prorektorlar, fakultet dekanlari va ularning o‘rinbosarlari, kafedralar va bo‘limlar boshliqlari, shuningdek, mingdan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi.
– Badantarbiya qilgan insonning kayfiyati ko‘tariladi, chunki mashqlar davomida organizmda baxt gormoni – endorfin ajralib chiqadi. Shuningdek, u diqqat va ish unumdorligini oshiradi, kunni yaxshi kayfiyat bilan boshlash imkonini beradi, – deydi institutning jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi kafedrasi dotsenti Duysenbay Karimov. – Ertalabki badantarbiya yurak-qon tomir tizimi uchun foydali bo‘lib, yurak urishini me’yorida ushlab turadi va yuqori qon bosimi xavfini kamaytiradi. Bundan tashqari, jismoniy faollik ortiqcha vazn yig‘ilishining oldini oladi va umumiy jismoniy holatni yaxshilaydi.
Shunday ekan, har kuni ertalab bir necha daqiqa badantarbiya bilan shug‘ullanish sog‘lom va baxtli hayot sari qo‘yilgan muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Institutda ommaviy sport va sog‘lomlashtirish tadbirlari davom etmoqda.
NukusDPI matbuot xizmati.
