Qozoq xalqining atoqli mutafakkiri Abay Qo‘nonboy o‘g‘lining 180 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 4-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qozoq xalqining buyuk shoiri, adabiy til va yozma adabiyot asoschisi, ma’rifatparvar, faylasuf, bastakor, tarjimon va jamoat arbobi Abay Qo‘nonboy o‘g‘lining 180 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Abay ma’naviy xazinasining turkiy dunyoga ta’siri” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya davlatlaridan, shuningdek, respublikamizdagi ilg‘or oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan olimlar, doktorantlar va izlanuvchilar ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari institut rektori Quvondiq Qodirov, Turkiy tillar fakulteti jamoasi hamda qozoq tili va adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.
Mehmonlar dastlab institutda qoraqalpoq adabiyotining atoqli vakili Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining 200 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan Ajiniyoz muzeyida bo‘lib, bu yerdagi eksponatlar bilan tanishdi.
Konferensiyaning ochilish plenar majlisida institut rektori O‘zbekiston va Qozog‘istonning barcha sohalar bo‘yicha do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari, shu bilan birga, tarixi, tili, dini, madaniyati, turmush tarzi bir-biriga ildiz otgan turkiy xalqlar bilan davom etayotgan hamkorlik aloqalarining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Xalqaro tadbir doirasida olimlar qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman va boshqa xalqlar adabiyotining yaqin aloqalari, Abay Qo‘nonboy o‘g‘li ijodining nafaqat qozoq xalqi, balki turkiy xalqlar va jahon adabiyotidagi tutgan o‘rni, uning chuqur falsafiy, gumanistik fikr-mulohazalari, qarashlari, asarlarining jahon xalqlari adabiyotida o‘rganilishi, ularni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va kelajak avlodlarga yetkazish kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar qildi. O‘zaro fikr almashdi.
Qozog‘istondan kelgan mehmonlar Abayning adabiy va falsafiy merosi butun turkiy dunyo uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, uning 180 yillik yubileyi birinchilardan bo‘lib Qoraqalpog‘iston hududida nishonlanayotgani uchun institut jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir doirasida konferensiyani tashkil etish, shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan faollarga tashakkurnomalar topshirildi.
Konferensiya o‘z ishini seksiyalarda davom ettirdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
