NukusDPIda millatlararo totuvlik va do‘stlik bayrami bo‘lib o‘tdi

Bugungi kunda yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhitini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilib, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti – ko‘p millatli ahil oila. Institutimizda 17 mingga yaqin talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Ta’lim 5 tilda olib boriladigan o‘quv dargohimizda qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, ukrain, koreys, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, boshqird, uyg‘ur va tatar kabi jami 11 millatga mansub talabalar bir oilaning farzandlaridek, hamjihatlikda o‘qimoqda.

“Biz – bir oila farzandlarimiz!” shiori ostida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida o‘tkazilgan bayram kechasi yoshlar o‘rtasida ana shunday yuksak qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishga xizmat qildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari R.Nurazizov va institut rektori Q.Qodirov so‘zga chiqib, bugungi kunda yurtimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari bir oilaning farzandlaridek ahil-inoq yashab, turli sohalarda samarali mehnat qilayotganini ta’kidladi.

Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi mudiri Ye.Tileuov yurtimizda barcha millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini saqlash hamda rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilganligi, davlatimiz tomonidan turli millatlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganligi haqida o‘z ma’ruzasida aytib o‘tdi.

So‘zga chiqqanlar bugungidek globallashuv sharoitida ko‘plab davlatlarda yuz berayotgan milliy, diniy va etnik nizolar sharoitida bizning yurtimizda turli millat vakillarining tinch-totuv, farovon hayot kechirishi yurtimizda olib borilayotgan ushbu yo‘nalishdagi to‘g‘ri siyosatning natijasi ekanligiga alohida to‘xtaldi.

Tadbir institutning “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talabalari ijrosidagi bayram konserti bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.