«Kelajakka qadam» dasturi doirasida bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilayotgan «Kelajakka qadam» dasturi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasining «Kelajakka qadam» markaziga biriktirilgan mutaxassislari Naurizbek Ibrayimov va Gulnaz Jollibekova, shuningdek, institutning tegishli mas’ullari, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 30 ga yaqin bitiruvchi talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda mutaxassislar ushbu dasturning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.

O‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan institutning bitiruvchi kurs talabalari biznes g‘oyani tayyor loyihaga yetkazish jarayonida to‘liq hamkorlik va qulay shartlarda moliyalashtirish, sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish kabi masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.

NukusDPI matbuot xizmati.