Sohada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish masalalari muhokama qilindi

Har qanday taraqqiyotning ildiziga bolta uradigan illatlardan biri korrupsiyadir. Mamlakatimizda bunday illatlarga qarshi kurashish, ularning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi qonunchilik bazasi ham takomillashtirilmoqda. Shu asosda fuqarolarning mas’uliyati ham oshirilmoqda.

Shunga qaramasdan, mamlakatimizdagi ko‘pgina sohalarda, jumladan, oliy ta’lim tizimida korrupsiya holatlari uchrab turgani bor haqiqat.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Biz – korrupsiyaga qarshimiz!” mavzusidagi uchrashuv sohada korrupsion harakatlarning oldini olish masalasiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi professor-o‘qituvchilari, institutning rahbar va pedagog xodimlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sohalarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan korrupsiyaviy harakatlarning oldini olish maqsadida 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, shuningdek, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 5-iyun kuni tasdiqlangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, ulardan kelib chiqib sohalarda, ayniqsa, ta’lim sohasidagi bunday harakatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahbarligida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan bo‘lib, bunda eng muhim tadbirlardan biri – aholining huquqiy savodxonligi va bilimlarini oshirish ekanligi ta’kidlangan edi.

Amalga oshirilayotgan shunday ishlarga qaramasdan, sohalarda korrupsiyaviy harakatlar aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Oliy ta’limda korrupsion harakatlarning oldini olish uchun ma’lumotlarni olish elektron, hujjat topshirish onlayn formatlarga o‘tkazilib, hozirgi vaqtda imtihonlarni onlayn tarzda Internet tarmoqlari orqali ochiq-oshkora o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganligi, shuningdek, eng muhimi, har bir oliy o‘quv yurtida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida komplayens-nazorat bo‘limi tashkil etilib, bu boradagi aniq ishlar belgilanganligi haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda tamagirlik, pora olish va berish, muayyan sovg‘a evaziga odamlarning huquq va manfaatlariga qarshi harakat qilish amaldagi qonunchilik asosida taqiqlanishi, agar shunday holatlar aniqlanadigan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka asos bo‘lishi aniq misollar bilan ta’kidlandi.

Uchrashuvda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

NukusDPI matbuot xizmati.