NukusDPI jamoasi va talaba-yoshlari Orol dengizining qurigan tubini yashillashtirishga hissa qo‘shdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakulteti jamoasi va faol talaba-yoshlar ishtirokida Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” barpo etish maqsadida ekologik aksiya tashkil etildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashkil etilganining 120 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda yoshlar ustozlari bilan birgalikda cho‘lga chidamli saksovul ko‘chatlarini ekib, dengiz tubini ko‘kalamzorlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ishtirokchilar “Orol dengizi tarixi” muzeyida bo‘lib, dengizning o‘tmishi, hozirgi vaqtda ekologik barqarorlikni saqlab qolish uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” barpo etish ishlari Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yildan buyon muntazam davom etib kelayotgan bo‘lib, hududdagi ekologik vaziyatni yaxshilash, zararli tuz va changlarning ko‘tarilishining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish tadbirlariga institut jamoasi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
NukusDPI matbuot xizmati.
