Qoraqalpoq adabiyotining gultoji Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda qoraqalpoq adabiyotining mumtoz shoiri, buyuk so‘z zargari Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining tavallud kuniga bag‘ishlangan “Qoraqalpoq adabiyotining gultoji” nomli respublika ilmiy-nazariy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan olimlar, taniqli yozuvchi va shoirlar, institut professor-o‘qituvchilari, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov so‘zga chiqib, o‘tgan yili bobomizning yubileyi respublikamizda va xalqaro miqyosda keng ko‘lamda o‘tkazilganligini ta’kidladi.

Anjumanda Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining hayoti va ijodi, shoir asarlarining nafaqat qoraqalpoq adabiyoti, balki birgalikda, o‘zbek, qozoq, turkman va boshqa turkiy xalqlar adabiyotida tutgan o‘rni, XIX asrdagi qoraqalpoq adabiyotining rivojlanishida Ajiniyoz ijodining ahamiyati, bugungi kunda uning asarlarining o‘rganilishi va kelajak avlodlarga yetkazilishi kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li dunyoni chuqur va o‘tkir tanigan, qoraqalpoq xalqining ma’naviy dunyosini boyitishga katta hissa qo‘shgan, adabiyotimizni nafaqat rivojlantirib, qo‘shni xalqlarga tanitgan ulug‘ zotdir.

O‘zi yashagan davrda feodal munosabatlari hukm surib turgan bo‘lsa-da, uning aql-zakovati bir necha asr oldinga rivojlanib, “bu dunyoning ko‘rki – odam bolasi” ekanligi haqida gumanistik xulosaga kelganligi ham uning insoniy fazilatlarini ko‘rsatib beradi.

U qoraqalpoq adabiyotida lirika, epik poeziyani rivojlantirish bilan birga, aytishuv janrining ham mohir ijodkori hisoblanadi. Uning Qiz Mengesh bilan aytishuvi shoirlar aytishuvining eng yaxshi namunasi hisoblanadi.

Ajiniyozning ijodi xalq orasidan XX asrning 30-yillaridan boshlab yig‘ila boshlagan. Dastlabki asarlari 1949-yili nashrdan chiqdi. Keyingi davrlarda 1960-, 1961-, 1965-, 1975-, 1988-, 1994-, 2014-yillarda shoirning tanlangan asarlari to‘plami nashr etildi. Ajiniyozning hayoti va ijodi olimlar N.Dauqarayev, Q.Ayimbetov, akademiklar M.Nurmuhammedov va H.Hamidov, shuningdek, A.Pirnazarov, B.Qalimbetov, A.Murtazayev, K.Mambetov, A.Paxratdinov, K.Allambergenov va boshqalar tomonidan ilmiy asosda o‘rganildi.

Konferensiyada ma’ruzachilar va so‘zga chiqqanlar tomonidan shoir ijodini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, shu bilan birga, ijodining yangi qirralarini kashf etish maqsadida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining ahamiyati bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir institutning iqtidorli talabalari va “Siyperde” ansambli a’zolari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.